Turkiya: zilziladan omon qolganlar ruhiyatida xavotirli holat kuzatilmoqda

Xabar.uz
Turkiyada 6 fevral kuni ro‘y bergan dahshatli zilziladan omon qolgan jabrdiydalarda ruhiy noxushlik qayd etilmoqda. Masalan, Iskenderun shahrida tashkil etilgan ko‘chma tibbiy shoxobchalarga travmadan keyingi ruhiy beqarorlik bo‘yicha murojaat qilganlar soni ko‘paygan. Bu haqda TRT World shifokorlarga tayanib xabar berdi.
«Dastlab bizga vayronalar ostida qolib jarohatlanganlar keltirilgan edi. Endi esa ko‘proq travmadan keyingi ruhiy beqarorlikdan aziyat chekayotgan bemorlar murojaat qilmoqda. Zilzila payti boshdan kechirilgan dahshatlar izsiz ketmagan», – deydi hindistonlik harbiy shifokor Bina Tivari.
«Asr falokati» deb atalayotgan, Turkiyaning 10 ta viloyatiga ziyon keltirgan zilzila oqibatida Iskenderun shifoxonasi ham kunfayakun bo‘lgan. Hindistondan kelgan 100 ga yaqin mutaxassis esa sayyor shifoxona tashkil qilgan holda bemorlarga ko‘mak bermoqda.
Travmadan keyingi ruhiy beqarorlik shu jihatdan xatarliki, bemor fojiani qayta-qayta boshdan kechirgandek bo‘ladi. Dahshatli tush, diqqat-e’tiborni jamlay olmaslik, hardamxayollik xastalikning belgilari sanaladi.
Tabiiyki, yaqinlaridan ayrilish, boshpanasidan mahrum bo‘lish inson ruhiyatiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ruhiy iztiroblar jismoniy azob va jarohatlardan ikki karra og‘irroq kechadi.
O‘n kundan buyon dala sharoitida, chodirlarda tunayotgan odamlarga yuqumli xastaliklar ham xavf solmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Turkiyadagi zilzila jabrdiydalariga tibbiy, ruhiy ko‘mak ko‘rsatish uchun 43 million dollar ajratilishini ma’lum qilgan.
«Bu borada talab va ehtiyoj soat sayin oshib bormoqda. Chunki Turkiya va Suriyadagi 26 mln odam gumanitar ko‘makka muhtoj. Dahshatli fojiadan bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib, sovuq ob-havo, sanitariya-gigiyena sharoiti sabab yuqumli xastaliklar tarqalishi xavfi ham kuchaymoqda», – deydi JSSTning Yevropa byurosi direktori Hans Klyuge.
Mutaxassislar, ayniqsa, zilzilani boshdan kechirgan bolalarning ruhiyatini izga solish va salomatligini tiklash mushkul kechishini ta’kidlamoqda.
YuNISEF tahlillariga ko‘ra, Turkiya (4,6 million) va Suriyada (2,5 million) jami 7 millionga yaqin bolalar yer silkinishi dahshatlarini tanasida his etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter