Turkiya rahbariyati G‘azoda jurnalistlar halok bo‘layotganini qoraladi
Turkiya rahbariyati G‘azo hududida jurnalistlar halok bo‘layotgani, ularga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari sodir etilayotganini qat’iy ravishda qoralaydi.
Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altunga ko‘ra, haqiqat yuzaga chiqishiga to‘sqinlik qilish va faktlarni yashirish maqsadida muxbirlarni nishonga olishni aslo oqlab bo‘lmaydi.
«Joylarda muxbirlar, jurnalistlar va axborot vositalariga nisbatan zo‘ravonlik holatlaridan chuqur xavotir va qayg‘udamiz. Ulardan ba’zilari haqiqat yo‘lida hayotini yo‘qotdi. Biz tinch aholiga, jumladan, hamkasblarimizga qarshi hujumlar va qirg‘inlarga qat’iy qarshimiz... Hurmatga sazovor va munosib jurnalistika sohasi keng jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan haqiqatlarni aks ettirish orqali tinchlikka xizmat qilishi mumkin», – deydi professor Faxriddin Altun.
Turkiya rasmiy mulozimi axborot kurashi kuchaygan hozirgi pallada ijtimoiy tarmoqlarda soxta va yolg‘on axborot tarqatish avj olganini ham qayd etgan.
«Biz barcha ommaviy axborot vositalari va muxbirlarni noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish kampaniyalariga ko‘proq e’tibor berishga va butun dunyo bo‘ylab jamoatchilikni manipulyasiya qilish orqali o‘z jangovar maqsadlariga xizmat qilishga urinayotganlarga nisbatan hushyor bo‘lishga chaqiramiz», – deydi u.
Ta’kidlanishicha, jasoratli jurnalistlar haqiqatni ko‘rsatish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib urush maydonlarida jonbozlik ko‘rsatayotgan bir pallada tahririyatlar yolg‘on axborotdan ehtiyot bo‘lmog‘i lozim.
Turkiya prezidenti devoni vakili ilg‘or hamjamiyatni haqiqat va tinchlik uchun birgalikda harakat qilishga undagan.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Isroil armiyasi G‘azoga aviahujumlar uyushtira boshlagan 7 oktyabrdan buyon 11 nafar falastinlik jurnalist halok bo‘lgan, 20 nafari jarohatlangan. Ikki OAV xodimi esa bedarak yo‘qolgan.
Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi so‘nggi o‘n kun ichida uch isroillik va bir livanlik jurnalist halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter