Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi tug‘uruqxonalarning 14 nafar mansabdori jarimaga tortildi

Toshkentdagi tug‘uruqxonalarning 14 nafar mansabdori jarimaga tortildi

Foto: «Xabar.uz»

Yanvar oyida Toshkent shahrida joylashgan tug‘uruqxonalar tomonidan tibbiy ma’lumotlarini axborot tizimiga kiritish va FHDYo bo‘limlariga yuborish holati o‘rganildi.

DXA matbuot xizmati xabariga ko‘ra, buning natijasida jami tug‘ilganlik haqidagi 703 ta hamda perinatal o‘lim bo‘yicha 3 ta ma’lumotnoma tizimga kiritilmagani aniqlangan. Qolaversa, tug‘ilganlik haqidagi 888 ta ma’lumot belgilangan muddatdan kechikib kiritilgani qayd etildi.

«Buning oqibatida, aniqlangan holatlar yuzasidan 14 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarima jazo chorasi qo‘llanildi», — deyiladi xabarda.

Hukumatning 2020-yil 10-noyabrdagi qaroriga asosan 1-yanvardan Toshkent va Nukus shahrida tug‘ilganlikni qayd etish, yashash manzili bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish, bir martalik mukofot pulini ajratish, poliklinikaga joylashtirish va bog‘chaga navbatga qo‘yish to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshirilishi belgilangan.

Mazkur xizmatlar keyinchalik, 2021-yil 1-fevraldan boshlab barcha viloyatlar markazlarida, 2021-yil 1-sentyabrdan esa butun respublika hududida ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq, tibbiyot muassasasi xodimi bola tug‘ilgandan so‘ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritishi hamda ma’lumotlarni avtomatik tarzda «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimiga yuborishi va QR-kod qo‘yilgan blankda ma’lumotnoma shakllantirilishi lozim.

Davlat xizmatlari agentligiga esa ushbu jarayonlarni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan edi.

Ayni shu maqsadda agentlik xodimlari yanvar oyida Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy markazi, Toshkent shahar perinatal markazi, 4-son va 5-son shahar klinik shifoxonalarining tug‘uruq bo‘limlari hamda 9 ta shahar tug‘uruq komplekslarining tibbiy ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish va FHDYo bo‘limlariga yuborish holatini o‘rgandi.

«Yanvar oyi davomida tug‘ilganlik haqidagi 390 ta, perinatal o‘lim haqidagi 3 ta ma’lumotlar axborot tizimiga kiritilmagan bo‘lsa, tug‘ilganlik haqidagi 888 ta ma’lumotlar belgilangan muddatdan kechiktirilib kiritilgan. Misol uchun, Toshkent shahar 8-son tug‘uruq kompleksi tomonidan 2021-yil 9-yanvarda tug‘ilgan fuqaro L.S.ning bolasi haqidagi ma’lumot 11 kundan keyin, ya’ni 21 yanvarda FHDYo bo‘limiga yuborilgan», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, muassasalar muddat o‘tib ketgan bo‘lsada, ayrim tibbiy ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritmagani aniqlangan.

Toshkent shahar 3-son tug‘uruq kompleksi tomonidan tug‘ilishi qayd etilgan 313 nafar bolaning tibbiy ma’lumotlari axborot tizimiga kiritilmagan va FHDYo bo‘limiga yuborilmagan.

Qayd etilishicha, bu kabi holatlar kompleks xizmatlarni ko‘rsatish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring