Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda samarali energetika landshaftiga erishish yo‘lida muhim qadam tashlandi

Toshkentda samarali energetika landshaftiga erishish yo‘lida muhim qadam tashlandi

10 yanvar kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Toshkentdagi «Energiya» muvofiqlashtirish va dispetcherlik markaziga energetika sektorini boshqarish bo‘yicha 1,4 million dollarlik zamonaviy asbob-uskunalar va dasturiy ta’minotni topshirdi.

Tadbirda O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Akmal Jumanazarov, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Hoffman va «Energiya» muvofiqlashtirish va dispetcherlik markazi direktori Hamidilla Shamsiyev qatnashdi.

«O‘zbekiston markaziy geografik joylashuvi, boy energiya resurslari va asosiy infratuzilmasi tufayli mintaqada muhim rol o‘ynaydi. Markaziy Osiyoning energetika tizimi kengayib, yanada murakkablashib borar ekan, energetika sohasini rivojlantirishni rejalashtirish uchun innovatsion yechimlar zarurdir. Biz birgalikda qayta tiklanuvchi energiya manbalari tizimiga o‘tishning murakkab muammolariga javob berish uchun barqaror kelajak uchun poydevor qurmoqdamiz», – dedi AQSh elchisi J.Henik.

Elchixona xabariga ko‘ra, ushbu sarmoya tarmoq barqarorligini ta’minlash va mintaqaviy energiya savdosi imkoniyatlarini kengaytirish uchun Markaziy Osiyoning elektr energiyasi oqimini boshqarish hamda nazorat qilish qobiliyatini oshiradi.

Uskunaning o‘rnatilishi AQSh va Markaziy Osiyoning beshta davlati prezidentlari qo‘shma farmonida bayon etilgan yuqori darajadagi ustuvor vazifalarga muvofiq holda O‘zbekiston va butun mintaqada yanada mustahkam va samarali energetika landshaftiga erishish yo‘lidagi muhim qadam deb baholanmoqda.

Zamonaviy va hayotiy zarur asbob-uskunalarni yetkazib berish USAIDning mintaqaviy energetika loyihasi bo‘lgan Power Central Asia orqali amalga oshiriladi. 39 million dollarni tashkil etgan besh yillik loyiha energetika sektori faoliyatini yaxshilash, toza energiya taraqqiyotini jadallashtirish, mintaqaviy aloqalarni kengaytirish va transchegaraviy energiya savdosini kengaytirish orqali energiya xavfsizligi hamda barqarorligini oshirishga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida AQSh toza energiyaga 2,2 milliard dollar sarmoya kiritdi va shu kungacha Markaziy Osiyo bo‘ylab 2241 megavatt toza energiya quvvatini o‘rnatishga hissa qo‘shdi.

Avval xabar berganimizdek, USAID administratori Samanta Pauer 2023 yil oktyabr oyida yurtimizga tashrifi davomida AQSh O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14,2 million dollar mablag‘ ajratishini ma’lum qilgan edi. Ushbu mablag‘ silga, epidemiya va pandemiya tahdidlariga qarshi kurash, biznes va xususiy sektorni mustahkamlash, yanada mas’uliyatli va samarali mahalliy boshqaruv kabi yo‘nalishlarda sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring