Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda non yo‘q. «Toshkent-non» sababini aytishdan bosh tortdi

Toshkentda non yo‘q. «Toshkent-non» sababini aytishdan bosh tortdi

Foto: «Zamin.uz»

Bugun, 28-fevral kuni ertalabdan Toshkent shahridagi do‘konlar, supermarketlarda «bo‘lka non» yo‘q. Hammaning og‘zida shu gap. Tekshirish uchun muxbirimiz ham bir necha do‘konlarni aylanib keldi. Rost, non kelmagan. Sababini so‘rasak, un yo‘q, sotuvchilar non zavodlari tarqatishni to‘xtatib qo‘yganini aytdi.

Un yo‘q bo‘lsa, non narxi oshishi mumkin. Biz ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida «O‘zdonmahsulot» AKning Don mahsulotlarini qayta ishlash va mahsulotlarning yangi turini joriy etish boshqarmasi bilan bog‘landik.

— Biz non sotuvi va yetkazib berish haqida ma’lumotga ega emasmiz, bu bilan «Toshkent-non» ishlab chiqarish uyushmasi shug‘ullanadi, — dedi go‘shakni ko‘targan xodim. — Un narxiga kelsak, oshmaydi! Bir necha yildan beri oshirmay kelyapmiz.

Javob uchun rahmat aytib, «Toshkent-non»ga sim qoqdik. O‘zini tanishtirmagan va muxbirimiz bilan suhbatni oxirigacha yetkazmagan (balki aloqa uzilib qolgan bo‘lishi ham mumkin) xodim poytaxtdagi bugungi non taqchilligini tasdiqladi:

— Ha, bugun rostdan ham Toshkentda non yetishmovchiligi kuzatildi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Lekin bu muammo hal etilib, ertadan barcha do‘konlarga nonlarni yetkazib beramiz.

«O‘ziga yarasha sabablari» haqida har qancha so‘ramaylik, baribir aytmadi va suhbatimiz uzilib qoldi. Hozircha bor ma’lumot shu. Muhimi, bugun Toshkent do‘konlarida buxanka non bo‘lmasligi aniq. Shunga tayyorgarlik ko‘rib qo‘ying.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring