Toshkentda giyohvandlikka qarshi itlar yordamida kurashish taklif qilinyapti

Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahridagi jamoat joylari, xususan, istirohat bog‘lari va xiyobonlar (12 ta) hududlarida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish maqsadida 2025 yil 1 oktyabrdan 2026 yil 30 sentyabrga qadar tajriba-sinov tariqasida kinologiya punktlarini tashkil etishni taklif qilmoqda.
Bu borada ishlab chiqilgan Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, kinologiya punktlarida xizmatni tashkil etish Toshkent shahar Milliy gvardiya boshqarmasi hamda Toshkent shahar IIBB kinologiya bo‘limining amaldagi shtat birliklari doirasida tashkil etiladi.
Kinologiya punktlari Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi tomonidan Milliy gvardiyaning buyurtmasi bo‘yicha «dual tizim» asosida («giyohvanlik vositalarini qidirish» va «antiterror» yo‘nalishlarida) tayyorlangan xizmat itlari bilan shartnoma asosida ta’minlanadi.
Kinologiya punktlarida xizmat olib boruvchi xodim va harbiy xizmatchilar jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash, shuningdek giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishda faol ishtirok etadilar.
Shuningdek, Milliy gvardiya hamda IIV 2026 yil 1 noyabrga qadar tajriba-sinov natijalarini puxta tahlil qilgan holda kelgusida mazkur amaliyotni respublikaning boshqa hududlarida ham tatbiq etishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritishlari lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter