Toshkent tumanida er sobiq xotinini pichoqladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining qaroriga asosan javobgar S.B. turmush o‘rtog‘i V.B.ni uyga kiritish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.
Byuro tomonidan sudning ijro varaqasida ko‘rsatilgan Shayxontohur tumanida joylashgan manzildagi uyga V.B.ni kiritish yuzasidan 2021 yil 30 noyabrda ijro harakati tayinlangan hamda tegishli tashkilotlarga xabarnoma jo‘natilgan.
Shundan so‘ng, qarzdor S.B. undiruvchi bilan o‘zaro kelishish va ijro hujjatida ko‘rsatilgan Shayxontohur tumanidagi uy o‘rniga boshqa uyni sobiq turmush o‘rtog‘iga ko‘rsatish maqsadida, Toshkent tumani hududidagi manzilga davlat ijrochisi K.E. va undiruvchi V.B.larni taklif qilgan.
Mazkur taklifga asosan yuqoridagi manzilga undiruvchi, qarzdor, davlat ijrochisi K.E., mahalla faollari va undiruvchining onasi L.X. va o‘zining tanishlari bilan birga borishgan.
Manzilga yetib borgandan so‘ng, qarzdor S.B. undiruvchi V.B. va uning onasi L.X. bilan (sobiq turmush o‘rtog‘i va qaynonasi) uy masalasida tortishib qoladi, davlat ijrochisi K.E. vaziyatni yumshatish uchun ijro harakatlarini keyingi vaqtga qoldirib, undiruvchi V.B. va uning onasi L.X.larni manzildan ketishga chaqiradi.
Shunda, javobgar S.B. undiruvchi V.B. hamda uning onasi L.X.lar bilan o‘zaro tortishishi oqibatida, nizo kelib chiqqan va qarzdor yonidagi pichoq bilan undiruvchi V.B.ga tashlanib, uning qorniga 3 marotaba jarohat yetkazgan.
Davlat ijrochisi K.E.ning harakatlari sababli, qarzdor o‘zining jinoiy harakatlarini oxiriga yetkaza olmagan va u voqea joyidan qochib ketgan. Fuqaro V.B. esa zudlik bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi qabul bo‘limiga olib borilgan, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hozirda S.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter