Toshkent shahrida DAB+ standartidagi raqamli radioeshittirish test rejimida ishga tushirildi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan «RRTM» DUK tomonidan Toshkent teleminorasida joriy yilning 27 dekabridan Toshkent shahri aholisi uchun DAB+ standartida raqamli radiokanallar uzatilishi ta’minlandi.
Bugungi kunda Yevropada FM analog radioeshittirishdan zamonaviy raqamli radioeshittirishga o‘tilayotgan bir davrda O‘zbekiston Respublikasi ham radioeshittirish sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan O‘rta Osiyo davlatlari orasida esa birinchilardan bo‘lib DAB+ (Digital Audio Broadcasting) standartdagi radioeshittirishni test rejimida efirga uzatilishini yo‘lga qo‘yildi. DAB+ raqamli radioeshittirish bilan parallel ravishda FM diapazonida ham radiokanallar uzatib kelinmoqda.
DAB+ standarti orqali bitta uzatkichdan 16 ta radiokanallar («O‘zbekiston», «Yoshlar», «Mahalla», «O‘zbekiston 24», «Oriat Dono», «Oriat FM», «Vodiy sadosi», «Poytaxt (uzb)», «Poytaxt (rus)», «Grand», «Yoshlar ovozi», «Maksima», «Avtoradio Hamroh», «Navro‘z», «Nostalgiya», «O‘zbegim taronasi») 199,360 MHz chastotada test rejimida efirga uzatilishi ta’minlandi. Hozirda test sinovlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston respublikasi uchun raqamli radioeshittirishning DAB+ standartini joriy etish orqali nafaqat aholiga sifatli radiodasturlarni yetkazib berish, balki qo‘shimcha xizmatlarning soni va sifatini sezilarli darajada oshirishga, respublika bo‘ylab yagona chastotada sinxron radioeshittirishlarni uzatish bilan radiochastota spektridan yanada samarali foydalanishga, elektr energiya sarfini kamaytirishga imkoni yaratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter