Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent hayvonot bog‘ida ayol o‘z qizchasini ayiq saqlanadigan joyga tashlab yubordi

Toshkent hayvonot bog‘ida ayol o‘z qizchasini ayiq saqlanadigan joyga tashlab yubordi

Foto: Aleksandr Judro

Toshkent hayvonot bog‘ida odamning dilini larzaga soladigan voqea yuz berdi. Bu haqda Hayvonot bog‘i matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun, 28-yanvar kuni, soat taxminan 12:00larda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra, ko‘pchilikning ko‘z oldida kichkina qizaloqni ayiq voleri (saqlanadigan joy)ga tashlab yuborgan.

«Agar ayiq tashlab yuborilgan bolaga xuddi yirtqich jonivor o‘ljaga qaragandek munosabatda bo‘lganida, bu voqea qay tarzda yakun topishi mumkin edi — bu haqida o‘ylashning o‘zi dahshat...

Zuzu laqabli Kavkaz qo‘ng‘ir ayig‘i o‘z volerida yotib olib, qizaloqni metall to‘siq ustidan otib yuborgan ayol harakatlarini kuzatdi. Mehmonlarimiz va xodimlarimizning urinishlariga qaramasdan, ayolni to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmadi, u bolani yirtqichning voleriga otib yuborishga erishdi.

Zuzu ayig‘imiz sekingina zovurga tushib, qizaloqni hidlab ko‘rdi va undan uzoqlashdi.
«Yirtqichlar» bo‘limi xodimlari tez harakat qilishdi va ayiqni ichki xonaga chaqirishni boshlashdi, ayiq ham qarshilik ko‘rsatmasdan xonaga kirdi.

Bola volerdan olib chiqildi va hayvonot bog‘ining hamshirasi tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Qizaloq yirtqich tishlari va panjalaridan emas, faqat qariyb 5 metr balandlikdan yiqilish tufayli jarohat olgan. Dastlabki ko‘rikda urilishlardan tashqari ko‘zga ko‘rinarli jiddiy shikastlar aniqlanmadi...», — deyiladi xabarda.

Ayni damda huquqni muhofaza qilish organlari ushbu voqea sabablarini o‘rganishmoqda. Bola shifokorlar nazorati ostida.

Toshkent hayvonot bog‘i qizaloqqa tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishini va uning tezroq tuzalib ketishini tilab qolgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring