To‘ra Bobolovning yana bir audiosi tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov hamda Qiziriq tumanining sobiq hokimi I.Yusupov, tumandagi klaster vakili X.X.larning joriy yilning 17 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan suhbatidan kesib olinib, boshqa ovozlar qo‘shilgan holda montaj qilingan audioyozuv muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, deyiladi viloyat hokimligining rasmiy axborotida.
«Muloqotdan qariyb 9 oy o‘tgandan so‘ng internet tarmog‘iga sizdirilayotgan mazkur audioyozuvning 2:07-daqiqasidan 2:10 daqiqasigacha bo‘lgan qismidagi o‘ta haqoratli so‘zlar viloyat hokimiga tegishli emas. Bo‘lib o‘tgan suhbatga guvoh bo‘lganlar buni tasdiqlaydi», qayd etiladi ma’lumotda.
Qayd etilishicha, Qiziriq tumanida xorijiy investitsiyalar ishtirokida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil qilingan paxta-to‘qimachilik klasteri o‘z majburiyatlarini bajarmay kelgan.
Viloyat hokimi ushbu holatlarni tahlil qilish jarayonida «asabiy holatda qo‘pol so‘zlar ham ishlatib yuborgan»i aytiladi munosabatda.
Rasmiy axborotda hokimni yomonotliq qilishdan kimlardir manfaatdor bo‘lishi mumkinligi ham aytiladi.
Avvalroq ham ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovning Angor tumani prokurori bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti, deya aytilayotgan audiosuhbat turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Holatni Bosh prokuratura o‘rganayotgani aytilgandi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari Surxondaryo hokimiga: «Prokuror bilan gaplashishdan oldin maktab qurilishini joyiga qo‘yib qo‘yish kerak», deya dakki ham bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter