Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘qayev Blinkenning tashrifi strategik hamkorlikni mustahkamlashga turtki berishini aytdi

To‘qayev Blinkenning tashrifi strategik hamkorlikni mustahkamlashga turtki berishini aytdi

 Foto: Akorda.kz

Bugun, 28 fevral kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ostona shahrida AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenni qabul qildi. Oqo‘rda matbuot xizmatiga ko‘ra, Q.To‘qayev Qozog‘iston va AQSh o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlagan.

«Sizning tashrifingiz strategik hamkorlikni mustahkamlashga yangi turtki berish nuqtai nazaridan juda muhim. Xavfsizlik, energetika, savdo va sarmoya kabi muhim strategik sohalarda ishonchli va uzoq muddatli hamkorlik aloqalariga egamiz. Biz bu hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyormiz. Fursatdan foydalanib, mustaqilligimiz, hududiy yaxlitligimiz va suverenitetimizni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun AQShga minnatdorligimni bildiraman», – dedi Qozog‘iston rahbari.

Q.To‘qayev AQSh Qozog‘istonning eng yirik investori sifatida 62 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritganini ta’kidlagan.

Avval xabar berganimizdek, bugun Ostonada «C5+1» shaklidagi vazirlar yig‘ilishida bo‘lib o‘tadi.

Q.To‘qayev Markaziy Osiyo va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining ushbu uchrashuvi muhim ahamiyatga ega ekanini urg‘ulab, Vashingtonning mazkur format doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlagan.

O‘z navbatida AQSh davlat kotibi E.Blinken Q.To‘qayevga mehmondo‘stligi uchun minnatdorlik bildirgan va prezident Jo Baydenning salomini yetkazgan.

«Bizni mustahkam robitalar bog‘laydi. Bu aloqalar yanada kuchayib bormoqda. Biz bu yo‘nalishdan og‘ishmaymiz. Bundan tashqari, bugun Ostonada Markaziy Osiyodagi hamkorlarni bir joyda jamlaganingiz uchun sizga va jamoangizga tashakkur bildiraman. Umid qilamanki, biz hamkasblarimiz – tashqi ishlar vazirlari bilan mintaqani birlashtirish, mustahkam va yaqin munosabatlarni o‘rnatishga qaratilgan yanada aniq choralarni amalga tatbiq etamiz», – degan AQSh davlat kotibi.

E.Blinken AQSh tashqi siyosat mahkamasi rahbari sifatida ilk bor Qozog‘iston hamda O‘zbekistonga safar qilmoqda. Davlat kotibining o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu tashrif Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring