Tojikistonlik jurnalistlar: «Taassurot va hayratimiz cheksiz» (video)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifidan so‘ng O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi o‘rtasida «Hamkorlik Memorandumi» imzolangan edi.
Ushbu kelishuvga ko‘ra, joriy yilning 23-noyabr kuni Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tojikiston Respublikasi teleradiokanallari rahbarlari, markaziy nashrlar bosh muharrirlari, Axborot xizmatlari vakillaridan iborat delegatsiya Toshkent shahri, Buxoro va Samarqand viloyatlarida bo‘lishi belgilangan.
Dastlab ittifoq vakillari Amir Temur va Temuriylar davri tarixini o‘rganuvchi, ajdodlarimizning boy moddiy va ma’naviy merosini o‘zida mujassamlovchi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishdi.
Shundan so‘ng Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash qo‘mitasi a’zolari bilan uchrashdi.
Senatda bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuvdan so‘ng Tojikiston Respublikasi teleradiokanallari rahbarlari, markaziy nashrlar bosh muharrirlari, Axborot xizmatlari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston Milliy matbuot markaziga kelishdi. Markazda qo‘shni davlat delegatsiyasi uchun mahalliy gazeta va jurnallar ko‘rgazmasi tashkillashtirildi. Shuningdek, sohadagi yutuq va kamchiliklar muhokama etildi.
Kechga yaqin bir guruh delegatsiya vakillari Toshkent teleminorasiga tashrif buyurishdi. Dunyoning buyuk binolar federatsiyasiga 1991 yilda a’zo bo‘lgan teleminora Toshket gavhari deya tan olingan va o‘zida juda boy tarixni mujassam etadi. Shuningdek, balandligi bo‘yicha dunyoda 13 o‘rinda turadi. Shaharni 110 metr balandlikda kuzatishga muvaffaq bo‘lgan mehmonlar bilan o‘zaro fikrlar almashinildi.
Tojikistonlik jurnalistlar delegatsiyasi tashrifining ikkinchi kuni Toshkentning diqqatga sazovor joylaridan biri, xalq orasida «Xast Imom» nomi bilan mashhur bo‘lgan – Hazrati Imom majmuasidan boshlandi.
Ziyoratdan so‘ng, delegatsiya vakillari O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga tashrif buyurishdi.
Mehmonlar Universitet faoliyati, teleradio, gazeta, internet, media yo‘nalishlarida bilim olish niyatida bo‘lgan talabalarga nafaqat nazariy, balki amaliy tajriba orttirishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘lishdi.
Dasturga mehmonlar aloqa sohasidagi yutuqlar haqida ma’lumotga ega bo‘lish uchun Toshkent shahridagi IT-Parkga ham tashrif buyurishdi va O‘zbekistonning so‘nggi yillarda IT sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrifning keyingi kunlarida mehmonlar Buxoro va Samarqandga sayohat qilishadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter