Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tibbiyot xodimining kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Tibbiyot xodimining kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Foto: Xabar.uz

Bugun Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida «Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonun muhokama qilindi.

Majlisda so‘nggi vaqtlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari ko‘payib borayotganligi, bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sog‘lig‘i yomonlashishida yoki o‘limida asossiz ravishda ayblash, shuningdek, hech bir sababsiz shifokorlarga va o‘rta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari yuz berayotganligi qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topish maqsad qilingan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Bunda ushbu noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosi kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-7-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu Qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilib, ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini oladi. Shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring