Tibbiyot va texnika uyg‘unligi

Bugun butun dunyoda barcha sohalar ildamlik bilan rivojlanmoqda. Ayniqsa, “texnika asri”da raqamli texnologiyalarning sohalarga aralashuvi ish unumdorligini oshirish barobarida ortiqcha harakat va xarajatdan saqlamoqda.
Birgina tibbiyot misolida aytadigan bo‘lsak, hozirda raqamli texnologiyalarni jalb qilish orqali bemor kartasini shakllantirish, zarur dori vositalarini “elektron ro‘yxat” orqali berish yo‘lga qo‘yildi. Hozirda sohani yanada rivojlantirish uchun ko‘plab yangiliklarga qo‘l urilmoqda. Xususan, dasturiy muhandis Azimxon Sultonxo‘jayev asos solgan “Scalesoft” kompaniyasining qilayotgan yangiliklari alohida e’tiborga molik. 2018 yilda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan mazkur kompaniya bugun IT sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
Ma’lumki, bemorlarning ma’lumotnomasi elektron tarzda to‘ldirilishi ortidan, ularning kiberhujumga uchrash xavfi yuqori bo‘ladi. Ayniqsa, bugun bu kabi holatlar ko‘p bor uchrab turibdi. Ular tomonidan yaratilgan dastur esa bemorlar ma’lumotlarining kiberxavfsizligini ta’minlaydi.
Innovatsion yondashuv va xavfsizlik choralari
– AQShda o‘qib yurgan kezlarimda mazkur sohaga qiziqqanman, – deydi Azimxon Sultonxo‘jayev. – Keyinchalik O‘zbekistonda dasturlash bo‘yicha kompaniya tashkil qildik. Ta’kidlash lozimki, bugun yurtimizda barcha sohalarda, jumladan tibbiyot sohasida ham tub o‘zgarishlar bo‘lmoqda.
Ayniqsa, “Raqamli O‘zbekiston 2030” dasturi doirasida sohani raqamlashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda elektron tibbiy kartalar, telemeditsina platformalari va zamonaviy diagnostika kabilar mavjud bo‘lib, bugun ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Biz ishlab chiqqan dastur ham sog‘liqni saqlash tizimida bo‘layotgan raqamlashtirish jarayonlarining davomi deyish mumkin.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, har qanday elektron hujjat kiberhujumga moyil bo‘ladi. Ularni himoya qilish esa murakkab vazifa. Mazkur muammoga yechim topish maqsadida Splunk va CrowdStrike dasturlaridan foydalangan holda zamonaviy himoya tizimini ishlab chiqdik. Mazkur yangiligimiz bemorlarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qiladi va ruxsatsiz kirishning oldini oladi. Shu bilan birga, ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, yaxlit operatsion tizim ishlab chiqishda ham mazkur dastur anchayin samarali.
Raqamli innovatsiyalar va samaradorlik
Ular 2019 yilda yurtimizdagi Cardioservice Hospital kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Azimning ishlari hamkorlikda sezilarli o‘zgarishlarga olib keldi: operatsiyalar samaradorligi oshdi, real vaqt rejimida ma’lumotlarni sinxronlashtirish tibbiy kartalarga kirishdagi kechikishlarni kamaytirib, tibbiy yordam ko‘rsatish tezligini oshirdi.
“Scalesoft” ma’lumotlarni boshqarishni optimallashtirish uchun Azure, Kafka va Azure LoadBalancer’dan foydalanib ishonchli ma’lumotlar arxitekturasini ishlab chiqdi. Ushbu innovatsion tizim ma’lumotlar oqimining uzluksizligini ta’minlash bilan birga shifoxonalarning operatsion samaradorligini oshiradi.
Bundan tashqari, Azimxon boshchiligidagi jamoa OpenSSL dasturi yordamida shifrlash protokollarini integratsiya qildi. Natijada ma’lumotlarni himoya qilish kuchaytirilib, kasalxonaning kiberxavf-xatarlarga qarshi barqarorligi oshdi.
Yangi imkoniyatlar
Ushbu yutuqlar Cardioservice Hospital’ni O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash innovatsiyalari yetakchilaridan biriga aylanishiga yo‘l ochib berdi.
Mazkur dasturning imkoniyatlari yanada keng. Xususan, u qishloq va shahar shifoxonalarini bog‘lovchi “ko‘prik” vazifasini ham bajara oladi. Ma’lumki, bugun yurtimiz aholisining taxminan 50 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Ba’zi holatlarda u yerda tibbiy xizmatdan foydalanishda sifatli tibbiy infratuzilmaning oqsoqlanishi ko‘zga tashlanadi. A. Sultonxo‘jayevning real vaqt rejimida ma’lumotlarni sinxronlashtirish va tibbiy kartalarga xavfsiz masofaviy kirishni ta’minlaydigan innovatsiyalari ushbu qiyinchiliklarni yengishda qo‘l keladi.
Mazkur tizim shahar kasalxonalari va qishloq klinikalari o‘rtasida uzluksiz aloqa ta’minlab, uzoq hududlardagi bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam olish imkonini beradi.
Cardioservice’dan tashqari injener O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda faol ishtirok etib, turli kasalxonalarning ehtiyojlariga moslashadigan yechimlarni yaratmoqda. Uning mashinaviy o‘qitish va sun’iy intellekt bo‘yicha tajribasi bemorlar ehtiyojlarini prognoz qilish, resurslarni optimallashtirish va yakuniy tashxis qo‘yish jarayonlarida yordam beradi.
Hozirda AQShning Stenford universiteti magistranti bo‘lgan Azimxon Sultonxo‘jayevning kelgusidagi rejalari ulkan. U kelgusida kompaniyasi faoliyatini kengaytirishni, xalqaro tibbiy muassasalar bilan hamkorlikda yirik hajmdagi yechimlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, bemor parvarishini va operatsiyalar samaradorligini oshirish maqsadida sun’iy intellekt vositalarini ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.
Azimxon kabi dasturchilarning bugun qilayotgan yangiliklari, Yangi O‘zbekistondagi barcha sohalar rivoji uchun juda muhim. Yuqorida ta’kidlangan ma’lumotlar u asos solgan kompaniyaning nechog‘lik salmoqli faoliyat olib borayotganidan nishona. Umid qilamizki, ular faoliyatini yanada kengaytirib, yurtimiz tibbiyot sohasi rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishadi.
SADRIY, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter