Termiz shahrini barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun 70 milliard so‘m ajratiladi
![Termiz shahrini barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun 70 milliard so‘m ajratiladi](https://static.xabaruz.com/crop/2/1/720_460_95_2128570326.jpg)
Surxondaryoda 1 oktyabrga qadar 1 ming 230 kilometr yo‘l ta’mirlanadi, 700 kilometr suv, 28 kilometr oqova suv tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi va 1 ming kilometr elektr tarmog‘i tortiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatda o‘tkazilgan faollar yig‘ilishida ma’lum qildi.
Shuningdek, Termiz shahar aholisini barqaror tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida, qo‘shimcha magistral gaz quvurlarini qurish uchun maxsus Jamg‘armadan 70 milliard so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari, Denov shahrida 100 milliard so‘m budjet mablag‘lari hisobiga, yangi oqova suv inshooti bu yil qurib bitkaziladi va 170 ming aholi kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrab olinadi.
Yaqin 2-3 yilda viloyatda 1,5 million aholining ichimlik suv muammolarini to‘liq hal qilish maqsadida «To‘palang» suv omboridan 400 kilometr magistral tarmoqlar quriladi. Buning uchun Xalqaro moliya institutlaridan 150 million dollar jalb qilish bo‘yicha loyiha taklifi kiritiladi.
Shuningdek, viloyatda ijtimoiy, kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga, 2021 yil uchun qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratish topshirig‘i berildi. Ushbu mablag‘ning 80 milliard so‘mi Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlaridagi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter