«Telegram» foydalanuvchilarini bloklash va blokdan chiqarish qanday bajariladi?
Kimnidir bloklab qo‘yish fikri o‘z-o‘zidan kelmaydi: birov haddidan oshadi, hurmatsizlik ko‘rsatadi yoki xira pashshadek bezdirib yuboradi, bir so‘z bilan aytganda — «yoqimsiz nusxa». Bundaylarni banlash yoki bloklash va aksincha keyinchalik blokdan chiqarish qanday amalga oshirilishi haqida «Telegram Store» o‘z maslahatlarini beradi.
Avvalo aytish kerakki, «Telegram»da shaxsiy kontaktlar ro‘yxatida turgan istalgan yuzerni banlash, ya’ni bloklab qo‘yish mumkin. Guruhli chatlarda va superguruhlarda bu funksiya shularning asoschisi tayinlagan administratorlarda bor.
Kontaktlarni bloklash va blokdan chiqarish usullari
Biron bir foydalanuvchini «qora ro‘yxat»ga kiritish tartibi qurilmalar turiga qarab muayyan harakatlarni talab qiladi.
Smartfonlar uchun:
- Kontaktlar ro‘yxatidan banlash kerak bo‘lgan yuzerni topilib, nomi ustiga barmoq bilan bosiladi.
- O‘ng yuqori burchakdagi xizmat tugmasi (vertikal joylashgan uch nuqta) bosiladi.
- Ochilgan menyuda «Block user» («Zablokirovat», «Bloklash») bandi tanlanadi.
- «Mazkur kontaktni bloklashga ishonchingiz komilmi?» degan savolga ijobiy javob beriladi — «OK».
Shaxsiy kompyuterlar uchun («Windows»):
Kompyuterda ishlovchilar «Telegram»dagi akkauntni ikki yo‘l bilan bloklay oladilar.
- Kursor kontaktlar ro‘yxatidagi foydalanuvchi nomi ustiga olib boriladi va sichqonchaning o‘ng tugmasi bosiladi: ochilgan kontekst menyusida «Block user» («Zablokirovat», «Bloklash») bandi tanlanadi.
- Kursor kontaktlar ro‘yxatiga olib borilib, avvaliga sichqonchaning chap tugmasi bosiladi, so‘ngra o‘ng yuqori burchakdagi «Contact info» («Informatsiya o polzovatele», «Foydalanuvchi haqida ma’lumot» bandi tanlanib, unda ochilgan oynaning pastki qismidagi «Block user» qatori topiladi va bloklash amalga oshiriladi.
Biron bir foydalanuvchini «qora ro‘yxat»ga kiritish u «do‘stlar» safidan to‘liq o‘chib ketishini anglatmaydi. Bu foydalanuvchi kontaktlar ro‘yxatida turaveradi, biroq na sizga xabar jo‘nata oladi, na oxirgi marta qachon uning kontaktiga kirganingizni biladi. Albatta, siz o‘zingiz istagan paytda «aybdor»ni kechirib, yana safga qaytara olasiz. Bu jarayon ham xuddi yuqorida sanalgan algortimlar ko‘rinishida kechadi, faqat «Block user» o‘rniga «Unblock user» («Razblokirovat», «Blokdan chiqarish») bandi paydo bo‘ladi.
Sizni «qora ro‘yxat»ga kiritishganida...
«Telegram»ning bloklash-blokdan chiqarish funksiyasining xos xususiyatlaridan biri shuki, qilingan o‘zgarishlar haqida hech qanaqangi xabar berilmaydi. Deylik, sizni kimdir bloklab qo‘yibdi. Buni bilish uchun bir nechta omilga e’tibor qarating, masalan:
- Foydalanuvchi anchadan beri onlaynda ko‘rimayapti. Anchadan buyon uning statusi o‘zgarmagan — «offline» yoki «Last seen recently».
- Original avatar o‘rnida standart surat turibdi.
- Xabar jo‘natish imkoniyati cheklangan.
Bu alomatlar siz bloklanganingizni yuz foiz kafolatlamaydi, chunki foydalanuvchining o‘zi «Telegram»ni tark etgan bo‘lishi mumkin. Bu shubha-gumonni boshqa birovning akkauntidan foydalanib aniqlasa bo‘ladi. Tanishingizning telefonidagi «Telegram»dan o‘zingizni qiziqtirgan kontaktga xabar jo‘natib ko‘ring. Xabar ketish-ketmasligiga qarab xulosani chiqarib olasiz.
Bloklashga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?
Bloklanishga sabab nimada? Balki siz «Telegram» kanali yoki guruhidan chiqarib yuborishga loyiq xatti-harakat (agressivlik, bo‘lar-bo‘lmag‘ur savollar va fikrlarni o‘rtaga tashlash, spam tarqatish va h.k.) qilgandirsiz? Bunday vaziyatda «qora ro‘yxat»ga kiritilish tabiiy. Demak, «Telegram»da blokka tushmaslik uchun ma’lum bir chiziq-chegaralardan o‘tmaslik kerak.
Garchi buning ehtimoli juda past bo‘lsa-da, tasodifan ham bloklanganlar ro‘yxatiga tushib qolish hech gapmas. Bunga shaxsiy muloqot (telefon) orqali aniqlik kiritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter