«Tehron «Sharqqa qarash» strategiyasini kuchaytirmoqda» – Vladimir Norov

Markaziy Osiy xalqaro instituti direktori Vladimir Norov Eronning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalariga doir ayrim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
Diplomat, jumladan, Eronning Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlashini uning tashqi siyosatidagi hisob-kitob qilingan va pragmatik burilishi deb hisoblaydi.
Unga ko‘ra, bu o‘zgarish geosiyosiy ehtiyoj va strategik imkoniyatlar uyg‘unligiga asoslangan.
«Tehron «Sharqqa qarash» strategiyasini kuchaytirmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari – geografik jihatdan yaqin, resurslarga boy va ko‘p vektorli tashqi siyosat olib borayotgan – Eron uchun mantiqiy va umidbaxsh hamkor hisoblanadi.
Hozirgi savdo hajmi katta bo‘lmasa-da (1,5 milliard dollardan ozroq), mavjud salohiyat ushbu yo‘nalishni Eron uchun ustuvorlikka aylantiradi. Masalan, O‘zbekiston bilan savdoni 2 milliard dollargacha oshirish faqatgina orzu emas — bu har ikki tomonning iqtisodiy manfaatlariga mos keladi», – deydi Norov.
Mutaxassisning qayd etishicha, Eronning geografik joylashuvi dengizga chiqish imkoniyati yo‘q Markaziy Osiyo respublikalari uchun muhim afzallikni beradi. Chobahor va Bandar Abbos portlari orqali Hind okeaniga chiqish imkonini yaratib, Eron mintaqaviy logistikada zarur bo‘g‘iniga aylanmoqda.
Ayniqsa, Xitoy–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–Turkiya–YeI koridori kabi loyihalar fonida ushbu yo‘nalishlar tobora ommalashib borayotgani Tehronning ta’sirini kuchaytirmoqda.
Eronning infratuzilmasi – avtomobil yo‘llari va temir yo‘llarini o‘z ichiga olgan holda – va uning multimodal koridorlardagi ishtiroki mintaqadagi mavqeini oshiribgina qolmay, balki uni Sharq-G‘arb va Shimol-Janub savdo o‘qlariga bog‘lab qo‘yadi. Bu nafaqat Eronning yakkaligini kamaytiradi, balki uni Yevroosiyoda shakllanayotgan aloqalar xaritasiga ham integratsiyalaydi.
Bundan tashqari, Eronning YaIIT (YeAES) bilan tuzgan erkin savdo kelishuvi – 2025 yil may oyida kuchga kiradi – ushbu integratsiyani tezlashtirish uchun huquqiy va institutsional asos yaratib beradi. Rossiya va Xitoy kabi mintaqadagi asosiy o‘yinchilar Eronning tranzit davlat sifatidagi rolini qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa G‘arb bilan ochiq to‘qnashuvga kirishmasdan, Eronning strategik ahamiyatini oshiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter