Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taqiq bilan natijaga erishib bo‘ladimi? Diniy ta’limga oid qonun tegrasidagi bahslar

Taqiq bilan natijaga erishib bo‘ladimi? Diniy ta’limga oid qonun tegrasidagi bahslar

Foto: Xabar.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 25 iyun kungi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Ushbu qonun orqali O‘zbekistonda ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda, jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) qo‘shimcha bandlar bilan to‘ldirilmoqda. Bunga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi. Bu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanadi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga qaraganda, loyiha muhokamasida qizg‘in fikr-mulohazalar bildirilgan. Xususan, deputat O‘ktam Islomov qonun loyihasidagi ayrim normalarga e’tirozini bayon etib, ayni paytda ushbu hujjatga ehtiyoj yo‘qligi, uni qonun tashabbuskorlariga qaytarish taklifini ilgari surgan.

«Milliy tiklanish» partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov esa mamlakatimizda dinni o‘rganish, diniy ta’lim olish uchun barcha sharoit yaratilganini qayd etib, taklif etilayotgan qonun loyihasi normalarini to‘g‘ri tushuntirish kerakligiga urg‘u bergan.

Vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi voyaga yetgandan keyingina professional diniy ta’lim olishi mumkin. Amalda esa voyaga yetmagan bolalar noprofessional ta’lim olishi, ya’ni unga ota-onasi tomonidan ma’lum darajada diniy saboqlar berilishi keng tarqalgani ma’lum.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhaga ko‘ra, Qonunchilik palatasi a’zosi Doniyor G‘aniyev yangi qonun uyda farzandiga noprofessional tarzda diniy ta’lim bergan ota-onalarni ham jazolovchi hujjat bo‘lib qolmasligi lozimligini ta’kidlagan. Deputat, shuningdek, voyaga yetmaganlarga diniy saboq berish bo‘yicha ehtiyoj mavjudligi, huquq idoralari faqat oqibat bilan kurashavermay, sabablarni ham o‘rganishi kerakligini qayd etgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda ham ko‘plab ziyolilar voyaga yetmagan bolalarni davlat nazoratida diniy ta’lim olishi uchun sharoit yaratish kerakligi bayon qilingan.

«Natija bilan kurashish emas, sabablarni o‘rganish kerak. Doniyor G‘aniyev to‘g‘ri fikr bildiribdi, rasmiy diniy ta’lim yo‘q bo‘lgach, norasmiysi haqida gapirish mantiqsizlik. Qolaversa, Qur’on yodlash, oddiy hadis o‘rganish, axloq ta’limi dunyoning hech bir joyida professional diniy ta’lim sanalamaydi, balki o‘zlik hisoblanadi. Uni taqiqlash o‘zlikni yemiradi.

Yana bir mantiqsizlik, professional ta’limni ota-ona o‘zi bera olmagach, ularga taqiq qo‘yishga nima hojat bor?

Biroq Qonunchilikda shunchalik muhokama bo‘lgani yaxshilik, ishqilib inobatga olinsin. Zero, qonunlar aslida xalqqa xizmat qilishi kerak. Qonunshunoslar oyligi shunda halol bo‘ladi.

Baraka topgurlar, o‘zi besh kunli dunyo, kelinglar, xalqingiz bundoq odamga o‘xshab nafas olib yashasin. Hadeb taqiq qo‘yaverishning nima keragi bor? Xalq sizlarga o‘z huquqlarini taqiqlab berishingiz uchun vakolat va oylik bermagandir?

Ota-ona o‘z farzandiga tarbiya berishi, dinini o‘rgatishi jinoyat bo‘lsa, u holda farzandni ham qonunshunoslar boqib beraqolsin»,deb yozdi «Hasanboy» jome masjidi imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid (Hasan al-Muqriy).

«Biz musulmon fitrati bilan dunyoga keldik... Endigi tashvishimiz shu fitrat bilan yashab, shu fitrat bilan qaytib ketishdir. Musulmonning hayotida diniy, dunyoviy degan tushuncha bo‘lmaydi! Agar shu tushuncha bo‘lsa, uning musulmonligida nuqsoni bor! Dindan tashqarida qolgan har narsa yomonlikdir. Din inson hayotining bir qismi emas, balki hayotning o‘zidir! Allohning dini aqli noqis insoniyat tomonidan yaratilgan qonunlarning qosh-qovog‘iga qarab turlanib, tuslanib turadigan falsafa emas. Allohning dinini hech bir tuzum o‘ziga o‘ng‘ay qilib, moslashtirib, yoqmagan joyini tahrir qilib ololmaydi. Bu – to qiyomatgacha o‘zgarmaydigan Dasturdir! O‘zgartiraman, deb kelib-ketganlarning sanog‘i yo‘q...

Shunday ekan, men qanday qilib 18 yoshgacha musulmon bo‘lolmayman? Shu yoshgacha musulmonlikdan hech narsa bilmasam, o‘zimni qanday musulmon deyman? Inson hayotidagi eng muhim xususiyatlar: odob-axloq, or-nomus, hayo, iffat aynan o‘n sakkiz yoshgacha shakllanmaydimi? Dinsiz odob-axloq bo‘ladimi? Buni qanday tushunish mumkin?

Topib olgan gapimiz: diniy radikalizm, fanatizm kuchayib ketyapti! Qayerda kuchayib ketyapti? Nega buni ateistu munofiqlardan boshqa hech kim ko‘rmaydi? Kuchayib ketayotgan bo‘lsa, dinni teranroq o‘rgatish kerak emasmi? Taqiqlash bilan natijaga erishib bo‘ladimi?»deb yozdi shoir va publitsist Alisher Nazar.

«Vatandosh TV» va «Migrant.uz» kabi loyihalar rahbari Botirjon Shermuhammad bu borada Rossiyadan ibrat olish kerak deb hisoblaydi.

«16 yildan ortiq vaqt mobaynida Moskvada yashadim. So‘nggi paytlarda O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari juda yuqori darajaga ko‘tarildi. Ko‘plab sohalarda Rossiyadan namuna olayapmiz. Qonunlarimiz ham bir-biriga yaqin. Biz ulardan o‘rnak olsak arziydigan yana bir soha bu diniy ta’lim.

Rossiya Federatsiyasi «Vijdon erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risida»gi (Federalniy zakon ot 26.09.1997 N 125-FZ «O svobode sovesti i o religioznix ob’yedineniyax») qonunining 5-moddasi diniy ta’lim haqida. Unga ko‘ra:

- har kim o‘zi tanlagan diniy ta’limni yakka tartibda yoki boshqalar bilan birgalikda olish huquqiga ega;

- diniy tashkilotlar o‘z nizomlariga va Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq ta’lim muassasalarini yaratish huquqiga ega;

- ota-onalar yoki vasiylarning yozma iltimosiga ko‘ra va bolalar roziligi bilan davlat yoki shahar ta’lim muassasalari, ushbu ta’lim tashkiloti kollegial boshqaruv organi qarori asosida, diniy birlashmaga ta’lim dasturidan tashqarida bolalarga dinni o‘rgatish imkoniyati berishi mumkin;

- diniy birlashmalar ichki nizomlari bilan belgilangan shakllarda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida belgilangan tartibda diniy ta’lim va o‘z izdoshlarining diniy ta’limini amalga oshirish huquqiga ega;

- dinni o‘rgatish va diniy tarbiya ta’lim faoliyati hisoblanmaydi.

Bizdagi qonunga ham aynan shunday modda kerak.

Diniy ta’lim berish uchun 10 ta doimiy yashovchi fuqaro birlashib, diniy jamoat tashkiloti tuzishi (MROM – mestnaya religioznaya organizatsiya musulman) va tashkilot nizomida diniy ta’lim va tarbiya berishni ko‘rsatib o‘tishi hamda tashkilotni adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazishi kifoya. Bunday ta’lim berish uchun ta’lim vazirligi, muftiyat yoki boshqa bir organlardan ruxsat yoki litsenziya talab qilinmaydi. Ta’lim dasturini biror joy bilan muvofiqlashtirish ham shart emas.

Yandeks xarita birgina Moskva shahrida pravoslav diniga oid 172 ta yakshanba maktablari (voskresnaya shkola) borligini ko‘rsatdi. Ularda bolalar 1,5 yoshdan diniy ta’lim va tarbiya olishlari mumkin.

Barcha masjidlar qoshida madrasalar tashkil qilingan bo‘lib, ularda yosh bolalar, ayollar va kattalar uchun diniy ta’lim darslari mavjud. Undan tashqari, o‘nlab MROMlar tomonidan pullik va bepul kurslar tashkil qilingan. Moskva shahrining o‘zida «DAR», «Sedmoye pokoleniye», «Shayx Muhammmad Sodiq Muhammad Yusuf», «Imom Buxoriy» nomidagi madrasalar, «Oysha» ayollar klubi va o‘z ichiga musulmon bolalar uchun bog‘cha, maktab va madrasani qamrab olgan «Risolat» diniy birlashmalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2010 yildan boshlab Rossiya umumta’lim maktablarining 4- va 5-sinflarida «Diniy madaniyat va dunyoviy etika asoslari» (Osnovi religioznix kultur i svetskoy etiki) kursi o‘tilishi yo‘lga qo‘yilgan. Kurs quyidagi 6 moduldan iborat: pravoslav madaniyati asoslari; islom madaniyati asoslari; buddizm madaniyati asoslari; iudaizm madaniyati asoslari; jahon dinlari madaniyati tarixi; dunyoviy etika asoslari.

O‘quvchi ota-onasining tanlovi asosida yuqoridagi modullardan biri bo‘yicha dars oladi. Darslar diniy tashkilotlar xodimlari emas, maktab pedagoglari tomonidan o‘tiladi. Hujjatlarda yozilishicha, kursning asosiy maqsadi – o‘quvchilarda din jahon madaniyatining eng muhim tarkibiy qismi ekanligi haqidagi tushunchani shakllantirish, ularda tolerantlikni tarbiyalash, o‘z-o‘zini aniqlash va dunyoqarashni ongli tanlash qobiliyatini rivojlantirish.

Ko‘rib turganingizdek, diniy ta’limdagi shuncha erkinliklar, yosh bolalarning masjidga bemalol borishlari yoki diniy ta’lim olishlari oqibatida Rossiyada estremizm yoki boshqa salbiy holatlar ko‘payib ketgani yo‘q. Biz ham mutasaddilardan bu sohada jahon tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonga ham tatbiq qilishlarini so‘rab qolamiz»,deydi huquqshunos B.Shermuhammad.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring