Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tantiq Marfusha — xunuk aktrisaning go‘zal hayoti

Tantiq Marfusha — xunuk aktrisaning go‘zal hayoti

2023-yilning yanvari ikki mashhur san’atkor Vaxtang Kikabidze va Inna Churikovaning vafoti bilan qayg‘uli bo‘ldi. Ularning har ikkalasi ham teatr va kinoda o‘chmas iz qoldirdilar. Rus aktrisasi Inna Churikova 79 yoshda edi. Inna Mixaylovna hayotda ham aktrisa, ham ayol sifatida o‘zini to‘liq namoyon eta olardi. Churikovaning yonida butun umri davomida iste’dodli rejissyor va ishonchli erkak bor ediki, Inna Mixaylovna gullab-yashnadi. Ular birgalikda mazmunli va unutilmas umr kechirdilar.

Sen oynaga qaraganmisan?

Inna Churikova teatr institutiga o‘qishga kirishga kelganida qabul komissiyasida unga taajjub bilan tikilib, shunday savol berishgan: «sen oxirgi marta oynaga qachon qaraganingni bilasanmi?..» Uni juda xunuk hisoblagan edilar. Bolalikdan aktrisa bo‘lishni orzu qilgan Inna yig‘lab yuborgan.

U 15 yoshidayoq Stanislavskiy nomidagi teatrning yoshlar studiyasi spektaklida sahnaga chiqqan edi. Orzusiga shu qadar yaqin turgandiki, ammo bir lahzada quladi. Ammo maktabning kechagi bitiruvchisi keyin ko‘z yoshlarini artib tashladi va ko‘rinishi o‘ziga xosligini o‘ziga-o‘zi ta’kidladi. Uni baholashga har kimning haqqi yo‘q.

Xullas, Inna Shepkinskiy bilib yurtiga o‘qishga kirdi. Qabul komissiyasida qiz mashhur aktrisa bo‘lishni xohlashi haqida aytib, kutilmaganda yana yig‘lab yubordi. Bu yerdagilar unga ishonmasligidan qo‘rqib ketgandi bechora qiz. Innani Shepkinsiky bilim yurtiga qabul qilishdi, balki shunchaki ayashgandir.

Biroq Churikova hech qachon o‘ziga ayamadi. U to‘xtovsiz ishladi. Ko‘p o‘qidi, har bir lavhaga jilo berdi, o‘ziga topshirilgan har bir rolni ikir-chikirigacha o‘rgandi, fe’l-atvorlar va obrazlarni pishiq-puxta o‘zlashtirdi. Aktrisa bo‘lish uchun xato qilmaganini, eng avvalo, o‘ziga isbotlash uchun ham shunday qildi.

U bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tamomladi, ammo evaziga birorta ham teatrdan taklif olmadi. Poytaxtga ketdi. Bolalar ertaklaridagi hayvonlar rolini, jodugarni o‘ynab va, shubhasiz, o‘zining yulduzli onlari kelishiga ishonishda davom etib yurdi.

Teleko‘rsatuvlardan birida Inna Churikovani rejissyor Gleb Panfilov ko‘rib qoldi. Keyinroq u hayotida birinchi marta yosh aktrisa o‘ynagan jodugarga rahmi kelganini esladi, avvallari battol va yovuz kampirga achinishni xayoliga ham keltirmagan bo‘lardi. Aktrisa bir nechta filmda o‘ynab va «Ayoz bobo»dagi tantiq Marfusha roli bilan tanilgach, Panfilov uni o‘zining «Olovda kechuv bo‘lmaydi» filmiga taklif qildi. Aynan shu kartina bilan ularning birgalikdagi shaxsiy hayoti salkam 55 yil davom etdi.



Nonga pullari yetmagan...

Oradan yillar o‘tib, Gleb Panfilov o‘zining intervyularidan birida tan olib aytishicha, Inna Churikova bilan shaxsiy tanishuvi chog‘ida ularning nigohi to‘qnashgan va negadir shu zahoti bu taqdir ekanligini anglagan. Qolaversa, Inna Panfilovning xonasidagi devorda uzoq vaqtdan buyon osib qo‘yilgan rasmdagi qizga o‘xshardi. Qizig‘i, rejissyor bilan tanishishga kelgan Churikova birinchi nigohdayoq bu odamni bir umrga sevib qolishini darhol tushundi.

Keyinroq badiiy kengashda Inna Churikovani aynan tashqi ko‘rinishi uchun bosh rolga tasdiqlashni istamaganlarida Gleb Panfilov uning nomzodida qat’iy tura oldi. Suratga olish chog‘ida u aktrisaga o‘zini to‘liq ochishi, keng diapazoni bilan namoyon etishiga qo‘yib berdi. Ijodiy hamkorlik, ma’lumki, ancha yaqinlashtiradi. Rejissyor va aktrisa ham yaqinlashdilar.

Gleb Panfilov bilan ishlagan Inna Churikova o‘rtalarida qanchalik ko‘p umumiylik borligidan hayratga tushdi. Birga ishlash ular uchun maroqli edi. Nafaqat rolni, balki o‘qigan kitoblari, teatrda ko‘rgan spektakllari, yaqinda suratga olingan filmlarini muhokama qilishardi.

Loyiha ustidagi ish yakunida aktrisa va rejissyor bir-birining his-tuyg‘ulariga ishonchi komil edi va ko‘p o‘tmay, munosabatlari mantiqiy davom etdi: Gleb Panfilov va Inna Churikova turmush qurishdi. Keyin ularning o‘g‘li Ivan tug‘ildi. Yosh ota-onaga oson bo‘lgani yo‘q, ular kommunal uydagi kichkina xonada yashar, ko‘pincha nonga pullari yetmas, biroq baxtiyor edilar.

Ajoyib juftlik yarim asrdan ziyod birga yashadi. Gleb Panfilov rafiqasini o‘zining barcha filmlarida suratga oldi va uning iste’dodi chaqnashiga imkon berdi. Inna Churikova haqiqatda iqtidorli, betakror qobiliyat sohibasi bo‘lib chiqdi. U ijro eta olmaydigan birorta ham rol bo‘lishi mumkin emas edi. «Ibtido» filmi ekranga chiqqach, Mark Zaxarov aktrisani «Lenkom» truppasiga taklif qildi. Pirovardida u Inna Churikovani «sahna qirolichasi» deb atadi. Aktrisa esa yanada kuchli va o‘ziga ishonchi oshishida eri Gleb Panfilov yordam berganini hamisha yodida tutardi.

So‘nggi so‘zlar

Ikki yorqin ijodiy shaxsning birgalikdagi hayoti ulkan birlashuv edi. Bir kuni aktrisaga savol berishdi: «Siz eringizni tashlab ketishingiz ham mumkin edimi?» Inna Churikova bir soniya ham o‘ylab o‘tirmay, «ha» deb javob berdi. Bunday iqrorlik nihoyatda hayron qoldirdi, ammo Inna Mixaylovna bir ozgina dramatik sukut saqlab, o‘z javobini izohladi.

Aktrisa, faqat Gleb Panfilovdan ustun erkakni uchratganida ketishi mumkinligi haqida so‘zladi. Ammo uzoq yillik hayoti davomida umr yo‘ldoshining iste’dodi, intizomi, ishonchi va muhabbati bilan taqqoslash mumkin bo‘lgan insonni uchratmadi. Va uning ishonchi komil: taqdir yana qancha umr bermasin, eri kabi odamga duch kelmaydi.

O‘z navbatida Gleb Panfilov ham rafiqasining so‘zlarini takrorlashi mumkin. U munosibroq ayol va aktrisalarni uchratgani yo‘q. Churikova Panfilov uchun xotin ham, do‘st ham, kasbdosh ham, butun olam edi. Afsus, 2023-yilning 14-yanvarida Inna Churikova hayotdan ko‘z yumdi. U o‘zining rollari, ulkan muhabbati haqidagi xotiralarini yaqin insonlariga qoldirib ketdi.

«Men sahnaga chiqishim kerak», bu – Churikovaning shifoxonadagi so‘nggi so‘zlari edi. U so‘nggi sahna sari yo‘l oldi. Alvido, sahna qirolichasi!

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring