Tadbirkorni «shilish» payiga tushgan muhandis qo‘lga olindi
![Tadbirkorni «shilish» payiga tushgan muhandis qo‘lga olindi](https://static.xabaruz.com/crop/2/5/720_460_95_2540261714.jpg)
Yumush bilan birov huzuringga kelsa-yu sen uning qo‘liga qarasang?!
To‘g‘ri, bunday manzaralar favqulodda holat emas. Biroq yon-atrofga qara: «a» desang, «ma» deb pul tutqazadiganlar tobora kamayib bormoqda. Bu yog‘iga haddingni bilmasang — holingga voy!
Buni «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ Chinabod ETK energiya sotish muhandisi A.Ahmedov his qilganmi-yo‘qmi, ishqilib, huzuriga yaxshi niyatda kelgan fuqaro R.Jamaldinovni «shilib» qolish payiga tushsami?!
Jamaldinov — tadbirkor, Baliqchi tumani «O‘lmas» mahallasida joylashgan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan binoni ijaraga olib, katta ishlar boshidan turgan odam. Ushbu binoni elektr energiyasi bilan ta’minlash, shartnomalar tuzish, loyihalash va elektr jihozlarini o‘rnatish uchun yugurib yurgandi. Hali ish boshlamay ta’maga duch kelganini, rosti, hazm qilolmadi. A.Ahmedov uning murodi hosil bo‘lishi uchun 2 million so‘m talab qildi-da.
Rozilik alomatini bildirgan tadbirkor to‘g‘ri Majburiy ijro byurosining Andijon viloyati boshqarmasiga uchradi: shunaqa-shunaqa gap, bu olg‘irning tanobini tortib qo‘yasizlarmi?
Bo‘lmasachi!
Xullas, kelishilgan vaqt, aytilgan joyda muhandis ikki million so‘mni olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Hozirda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter