Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suv toshqinidan zarar ko‘rgan aholiga ajratilgan moddiy yordam miqdori ma’lum bo‘ldi

Suv toshqinidan zarar ko‘rgan aholiga ajratilgan moddiy yordam miqdori ma’lum bo‘ldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Sardoba tumanida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev suv omborida yuz bergan texnogen avariya juda katta sinov bo‘lganini, Hukumat komissiyasi tashkil etilib, toshqin oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinganini yana bir bor qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

– Bu ishlarni tashkil etish va Sirdaryo xalqidan xabar olish uchun bugun to‘rtinchi marta sizlarning oldingizga keldim. Har soat, har daqiqa bu yerdagi ishlar holatini surishtirib turibman, telefon orqali hisobot olyapman, – dedi davlatimiz rahbari.

Aholining turmush sharoitlarini tiklash asosiy vazifa ekani, zararlangan uylarni ta’mirlash hamda yangi turar joylar qurish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani ta’kidlandi.

– Ta’mirlanadigan uylar ham, yangi quriladiganlari ham davlat tomonidan bepul qurib-ta’mirlab beriladi. Odamlar yangi ko‘p qavatli uylarga va o‘zlarining ta’mirlangan hovli-joylariga 1 sentyabrgacha to‘liq ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qoladi, – dedi Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirilmoqda.

Vatandoshimiz Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar xayriya mablag‘i ham shunga yo‘naltirilgan. Sirdaryo viloyatiga ko‘mak uchun hokimliklar, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda tadbirkorlar ham yordam ko‘rsatgan.

Uchrashuvda qatnashgan sardobaliklarga tegishli sertifikat va bank kartochkalari tarqatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring