Surxondaryodan 500 nafargacha yoshlar o‘qish uchun Italiyaga yuboriladi
Bugungi yig‘ilishda, Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatida madaniyat va sportni rivojlantirishga qaratilgan qator vazifalar xususida ham to‘xtaldi.
Jumladan, «Boysun», «Shalola», «Boy-chechak», «Chor-qarsak», «Bulbuli-go‘yo» kabi badiiy jamoalarning xalqaro festivallarda ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Madaniyat vazirligi baxshichilik san’ati namunalari, doston va termalarning «Oltin fondi»ni yaratadi. «Do‘mbira» ustaxonasi va «Baxshilar uyushmasi» tashkil qilinadi.
Shuningdek, Surxon yoshlarini sportga jalb qilish bo‘yicha bir oy muddatda qaror loyihasini kiritish, kelgusi yilda «Uchqizil» suv omborida baydarka va kanoeda eshkak eshish xalqaro sport bazasini tashkil qilish topshirildi.
Yig‘ilishda yana bir masala – iqtidorli yoshlarni xorijda o‘qitish haqida ham gap bordi. Qayd etilishicha, kelgusi yillarda Surxondaryodan 500 nafargacha yoshlar Italiyaga yuboriladi. Ular Italiyaning yirik sanoat korxonalarida to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat ishlab chiqarish uskunalarida ishlashni o‘rganib keladi. Yoshlar o‘qishdan qaytib kelgach, ular o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatiladi.
Yig‘ilish davomida hududlar va tarmoqlar, tegishli idoralar rahbarlarining hisoboti tinglandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter