Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Surxondaryoda piyoz yetishtirganlarning uyi kuymoqda (video)

Surxondaryoda piyoz yetishtirganlarning uyi kuymoqda (video)

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portaliga Surxondaryoning Denov, Sho‘rchi, Uzun tumanlaridan bir vaqtda bir xil murojaat kelib tushdi. Murojaatda aytilishicha, yuqoridagi tumanlarda bu yil shaxsiy tomorqalariga, shuningdek, fermerlardan ijaraga olingan yerlarga piyoz ekkanlar xonavayron bo‘lmoqda.

Bu yil piyoz hosili rejadagidan ancha mo‘l bo‘lgani bois uning narxi tushib ketgan, dalaning boshida kilosi 100 so‘mdan sotilayotir. Murojaatda aytilishicha, taklif etilayotgan pul uni qazib olish xarajatlarini qoplashga ham yetmayotgani bois piyozlar dalada qolib ketmoqda, ayrimlar keyingi ekin uchun yerni shudgorlatib yubormoqda.

Piyoz yetishtirishning mashaqqatini boshidan o‘tkazgan biladi. Uni o‘toq qilish, to yetilguncha parvarishlar uchun dehqon daladan chiqmay deyarli har kuni soatlab egilib mehnat qiladi. Hali urug‘lik, o‘g‘it va boshqa xarajatlarni gapirmadik.

Shaxsiy tomorqa bo‘sh yotmasin, aks holda yer olib qo‘yiladi deb bong urishni bilamiz. Ammo hosil mo‘l bo‘lgani uchungina dehqonning xonavayron bo‘lishini tasavvur qilish qiyin! Ishlatishni bilayapmizmi, dehqonlarning haq-huquqlarini himoya qilishni ham o‘rniga qo‘yishimiz kerak-da! «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi, «O‘zbekagroeksport» AJ va boshqa mutasaddi idoralar shunday paytda ishlab chiqaruvchilarning joniga ora kirmasa, qachon odamlarning koriga yaraydi?

Agar vaziyat shu taxlit davom etsa, yerga urug‘ qadab, ming bir mashaqqat bilan mahsulot yetishtirganlar kuyib qolaversa, kelgusida odamlarning dehqonchilikdan ko‘ngli sovib ketishi, bu esa respublikada meva-sabzavot taqchilligiga olib kelishi ehtimoli yuqori. Haliyam kech emas, es borida etakni yopish kerak. Aks holda buning to‘lovi og‘ir bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring