Superliga qachondan davom etishi aniq bo‘ldi. Endi u o‘zgacha ko‘rinishda bo‘ladi
Xabaringiz bor, oldinroq O‘zbekiston Superligasining 10-tur uchrashuvlari qoldirilgani haqida ma’lumot bergan edik.
«4-tur uchrashuvlaridan boshlab qayta tiklangan O‘zbekiston Superligasining yana 6 tur uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. 10-tur arafasida esa jamoalarda kasallanish holatlari paydo bo‘la boshladi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL iyul oyining so‘nggi o‘n kunligiga reja qilingan 10-11 tur uchrashuvlarini qoldirishga majbur bo‘ldi.
Kuz faslining har bir oyida O‘zPFL 10 kundan muddatni milliy terma jamoaga berishiga to‘g‘ri keladi. Demak, umumiy yana 30 kun davomida milliy chempionat o‘yinlarini o‘tkazishning iloji bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL vaqtdan yutkazmaslik uchun Superliganing 1-davrasini markazlashtirilgan holda yakunlashga qaror qildi. Rejaga ko‘ra, 3 avgustdan boshlab Superliga qayta tiklanadi hamda 15 avgust kuni 1-davra o‘z yakuniga etadi. Yakshanbadan tashqari har kuni futbol uchrashuvlari o‘tkaziladi. Yakshanba kunlarida esa klublar umumiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Bunda har bir klub o‘zi istiqomat qiladigan ob’yektdan faqatgina mashg‘ulot va o‘yin maydonlariga o‘z avtobusida safar etadi. Klublar qarorgohi talab etilgan kunlarda muntazam dezinfeksiya qilinadi. Har bir klub joy olgan ob’yekt nazoratda bo‘lib, delegatsiya oldiga begona kishilar qo‘yilmaydi. Ikki hafta davomida futbolchilar ham boshqa yumush bilan tashqariga chiqarilmaydi.
Shuningdek, O‘zPFL O‘FA yordamida hakamlar brigadalarini ham alohida ob’yektda bo‘lishlarini ta’minlaydi. Ular ham karantin qoidalariga to‘la amal qilishi ta’minlanadi. 15 avgustga qadar mamlakatdagi vaziyat yaxshilansa, O‘zbekiston kubogi uchrashuvlaridan boshlab uy-safar tizimiga qaytiladi. Bu qaror holatning qanday kechishidan kelib chiqib, qayta muhokama qilinadi.
Markazlashgan musobaqada kuniga 3 tadan ortiq uchrashuv o‘tkazilmaydi. Bu holat nafaqat translyasiya huquqiga egalik qiluvchi Sport-TV uchun, balki boshqa OAV uchun ham qulaylik yaratadi. Quyida uchrashuvlar taqvimi bilan tanishish imkoniyati bor. Qaysi uchrashuvning qaysi maydonda o‘tishi masalasiga O‘zPFL kelayotgan hafta aniqlik kiritadi», deyiladi O‘zPFLning xabarida.
Coca Cola Superliga. 10-tur
3 avgust, dushanba
NASAF — SO‘G‘DIYoNA
BUNYoDKOR — METALLURG
AGMK — LOKOMOTIV
4 avgust, seshanba
QO‘QON-1912 — PAXTAKOR
MASh’AL — ANDIJON
QIZILQUM — BUXORO
5 avgust, chorshanba
SURXON — NAVBAHOR
11-tur
6 avgust, payshanba
SO‘G‘DIYoNA — BUNYoDKOR
7 avgust, juma
PAXTAKOR — NASAF
ANDIJON — AGMK
LOKOMOTIV — QO‘QON-1912
8 avgust, shanba
NAVBAHOR — MASh’AL
METALLURG — QIZILQUM
BUXORO — SURXON
12-tur
10 avgust, dushanba
NASAF — Bunyodkor
QO‘QON-1912 — ANDIJON
PAXTAKOR — LOKOMOTIV
11 avgust, seshanba
AGMK — NAVBAHOR
SURXON — METALLURG
QIZILQUM — SO‘G‘DIYoNA
12 avgust, chorshanba
MASh’AL — BUXORO
13-tur
13 avgust, payshanba
ANDIJON — PAXTAKOR
LOKOMOTIV — NASAF
14 avgust, juma
SO‘G‘DIYoNA — SURXON
NAVBAHOR — QO‘QON-1912
BUNYoDKOR — QIZILQUM
15 avgust, shanba
BUXORO — AGMK
METALLURG — MASh’AL.
«3 avgustga qadar jamoalarda bugungi kundagi vaziyat haqida yetarlicha xulosa chiqarish, kasallangan futbolchilarga g‘amxo‘rlik qilish va ularni oyoqqa turg‘azishda imkoniyat bo‘ladi. 3 avgustdan boshlab esa ehtimoliy kasallanishi mumkin bo‘lgan futbolchilar masalasi bilan shug‘ullanish uchun SEOA yordamida alohida komissiya tuziladi. Bunda kasallangan futbolchi bilan yaqin muloqotda bo‘lganlar tarixi o‘rganiladi va ular belgilangan tartibda izolyasiyaga olinadi. Futbolchilarga va klublar personallariga mashg‘ulotlardan tashqari vaqtlarda bir-birlaridan masofa saqlash tavsiya etiladi. Zero jamoaning keyingi natijalariga bu o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Har bir klub asosiy tarkibida 45 nafargacha futbolchi ro‘yxatdan o‘tkazilganidan kelib chiqib, ehtimoliy kasallangan futbolchilar maydonga tusha olmasa, ularning o‘rni boshqa futbolchilar bilan to‘ldiriladi. Ya’ni, karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan va intizomi kuchli bo‘lgan klublar bundan tabiiyki yutadi», deb yozmoqda O‘zPFL.
O‘zPFL oson bo‘lmagan davrda futbol klublarini bir yoqadan bosh chiqarishga, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshishga chaqiradi hamda futbol jamoatchiligiga salomatlik tilaydi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
Manba: minsport.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter