Sun’iy tuxum O‘zbekistonda...

Yoki «g‘iybatchilarning g‘iybati» haqida
Oxirgi kunlarda O‘zbekiston bozorlarida sun’iy tuxumlar paydo bo‘lgani haqidagi OAVda shov-shuvlar tarqab ketdi. Bu qanchalik asosli? O‘zi sun’iy tuxum haqiqatdan bormi? Uni tabiiysi bilan qanday farqlash mumkin? Iste’mol qilinsa, inson organizmiga ziyon-zahmat yetkazmaydimi?
Har yili dunyo miqyosida 600 milliard dona tovuq tuxumi iste’mol qilinadi. Uni ishlab chiqarish hajmlari bo‘yicha Xitoy, AQSh va Hindiston yetakchilik qilmoqda. Iste’mol qilish bo‘yicha esa Meksika peshqadam. Bu yerda 133 million aholining har biriga kuniga bir yarimtadan tuxum to‘g‘ri kelmoqda.
Jahonda 3 milliard odam to‘yib ovqat yemayapti, bir milliardi ochlik azobida yashayapti. Shu sababli olimlarning organizm uchun zararsiz, biroq zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yaratish bo‘yicha izlanishlari izchil davom etmoqda.
Xitoy kabi aholi soni 1,35 milliard bo‘lgan davlat uchun esa sun’iy oziq-ovqatlar ishlab chiqarish sohasi yangilik emas. 2005-yilda yaratilgan sun’iy, ya’ni surrogat tuxumlar ham shu tizimning bir shaklidir.

Xitoydagi bitta ustaxonada kuniga mingtagacha ana shunday tuxum tayyorlash mumkin. Afsuski, bunday mini-fabrikalar o‘n minglarni tashkil qiladi. Garchi uning savdosi rasmiy taqiqlangan bo‘lsa-da, hukumat ular bilan qat’iy kurash olib bormayotgan ko‘rinadi.
Bir qarashda tashqi ko‘rinishidan tabiiy va notabiiysi bir-biridan deyarli farq qilmaydi. Haqiqiy tuxum oziq moddalari – yog‘lar, oqsil, glyukoza, uglevodlar, minerallar, ko‘plab fermentlar, A, B, Ye, D vitaminlarga boy. Odam sog‘lig‘i uchun zararsiz xolesterin ham bor. Shu sababli mutaxassislar har kuni bir dona tuxum iste’moli inson sog‘lig‘i uchun koni foyda ekanligini ta’kidlab kelishadi.
Ammo sun’iy tuxumda hech qanday foydali narsalar yo‘q. Po‘stlog‘i gips, kalsiy va parafindan tayyorlanadi. Ichidagi oqsili va tuxum sarig‘i pigmentlar bilan boyitilgan jelatin va kalsiy alginati qorishmasidan, noorganik moddalardan shakllantiriladi.
Bu kabi «yasama san’at namunasi» iste’moli inson organizmida kutilmagan oqibatlar yuzaga keltirishi mumkin. Shifokorlarning ogohlantirishicha, uni uzoq vaqt iste’mol qilish asab tizimini izdan chiqaradi. Bolalar esa ortiqcha harakatlanishi, aqliy jihatdan orqada qolishlari mumkin.
Kimyoviy qorishma pigment yordamida sariq rang bilan bo‘yaladi va shar shakliga keltiriladi. Karbonat angidridlik kaliyga solinadi. Natijada sun’iy parda hosil bo‘lib, tuxum sarig‘i tashqariga chiqib ketmay, dumaloqlanib qoladi.
Keyin parafin, karbonat kaliy va gips kukuni aralashmasiga bulanadi va po‘stloq hosil bo‘ladi. Shu tariqa bir qarashda oddiy tovuq tuxumidan hech qanday farqi qolmaydi va ajratish qiyindir.

U harorati o‘zgarmaydigan xonada 6 oygacha saqlanish mumkin.
Bu katta biznes va mo‘may daromad keltiradi. Uning tannarxi ham tabiiy tuxum bahosidan 6-7 barobar arzondir. Bozorda odatdagi narxdan ozgina tushurib sotilsa kifoya, cho‘ntak pulga to‘ladi. Bu ishlarning barchasi yashirin sexlarda qilinib, birorta nomi chiqqan kompaniya uning sifatiga kafolat bermaydi.
Xavotirga o‘rin yo‘q
Albatta, har bir inson va har bir davlat o‘z xavfsizligini o‘ylab harakat qiladi. Oxirgi paytlarda rus va qozoq jurnalistlari Xitoyning Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududlaridagi bozorlarda ana shunday faktlar aniqlangani sababli bong ura boshlashdi. Ammo bu mahsulotlar har qanday chegaralarni kesib o‘tib, Ozarbayjon, Ukraina, Hindiston va hatto Yevropaning rivojlangan davlatlariga qadar yetib bormoqda.
Albatta, O‘zbekistonga ham u kirib kelishi xavfi yo‘q emas. Biroq Davlat bojxona chegaralaridan sifatsiz va inson salomatligiga zararli bunday mahsulotlar kirib kelishiga yo‘l qo‘yilmayapti.
«Davlat veterinariya qo‘mitasi laboratoriyalarida ularni bozorlarda tanlab-saralab tekshirishlar doimiy ravishda olib borilmoqda. Chunki bu mahsulot veterinar me’yorlarga, texnik reglamentga, sanitar-gigiyena talablariga muvofiq emas va sotish man etiladi, – deydi Davlat veterinariya qo‘mitasi rahbari Bahrom Norqobilov. – Qolaversa, O‘zbekiston o‘zini o‘zi tuxum mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlabgina qolmay, chetga ham eksport qilmoqda».
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning o‘tgan bir yarim oyida tashqi bozorlarga, birinchi navbatda qo‘shni davlatlarga bir necha million dollarga teng 2500 ming tonnaga yaqin tuxum eksport qilindi. Chetdan juda oz miqdordagi tuxumlar naslli jo‘jalarni ko‘paytirish maqsadida eng rivojlangan davlatlarning laboratoriyalaridan qat’iy nazorat ostida keltiriladi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqovning aytishicha, O‘zbekistonda sun’iy mahsulotlarni sotish taqiqlanadi va barcha manfaatdor tashkilotlar aholining oziq-ovqat xavfsizligini to‘liq ta’minlash borasida hamkorlikda ishlamoqda va havotirga hech qanday o‘rin yo‘q.
Ammo bozorlardagi ayyor va g‘alamis kimsalarning noto‘g‘ri axborot tarqatishi ortida odamlarimizni bezovta qilishga, tashvish uyg‘otishga jiddiy urunish holatlari paydo bo‘lmoqda.
Sun’iy tuxumning arzonligi alohida ajralib turuvchi jihatdir. Bozordagi ayrim qalloblar kuchli raqobat sharoitida o‘z mahsulotlari narxlarini tushurmaslik va katta foyda olish maqsadida ham arzon tuxumlarni «yomonotliq»qa chiqarish uchun raqibining mahsulotlarini sun’iy tuxum, deya atab xaridorlarni chalg‘itmoqchi bo‘layotgani ham bor gap.
Vaziyatni izdan chiqarishga qo‘shtiroq ichidagi ba’zi bloggerlarning asoslanmagan va soxta video materiallari ham jiddiy rol o‘ynamoqda.
Qolaversa, O‘zbekiston tomoni Qirg‘izistonga sun’iy tuxumlar eksport qilmoqda, deb tarqalgan xabarlar ortida mintaqa mamlakatlari integratsiyalashayotganini ko‘ra olmayotgan va ikki qardosh xalqlar orasiga qutqu soluvchi geosiyosiy kuchlar turgan bo‘lishi ham mumkin.
Kichik tuxum katta o‘yinlarning muhim vositasiga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham barcha choralar qo‘llanishi, hushyor bo‘lishimiz kerak.

Shu o‘rinda har ehtimolga qarshi xaridor ularni ajratib olsa bo‘ladigan jihatlarga ham to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Masalan, tuxum sarig‘i va oqsili og‘irligi soxtasida bir-biridan farq qilmaydi. Chunki ular bir xil moddalardan tayyorlanadi.
Kimyoviy tuxumning sarig‘i uvadalanmaydi, vaqt o‘tishi bilan odatdagi kabi rangi sarg‘aymaydi. Aksincha, oqsili ham sarg‘ayib, qotib-qismlarga bo‘linishi mumkin. Rezinasimon va kimyoviy hidi bo‘ladi. Ammo uni ziravorlarni mo‘l qilib solib, tayyorlab berishsa, ta’mini farqlay olmay qolishingiz mumkin.
Sotib olayotganingizda qutidagi tuxumlar barchasi hajmi va ko‘rinishi bir xilda bo‘lgan-bo‘lmaganiga e’tibor qarating. Tabiiysi, soxtasi kabi silliq va bir tekisda bo‘lmaydi.
A.Hasan o‘g‘li, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter