Sovuqdagi issiq o‘ylar yoki AESning «issiq-sovuq»lari...
Qish eshik qoqdi. Bu yilgi qishning dastlabki oyi iliqroq kelayotgan bo‘lsa-da, hademay qish o‘zining qishligini qiladi. Sovuq va izg‘irinli kunlar boshlanadi. Kelayotgan qishni qanday o‘tkazamiz, degan o‘y bor boshimizda.
To‘g‘ri, keyingi qisqa vaqt mobaynida O‘zbekiston Prezidenti bir necha marta qishga tayyorgarlik bilan bog‘liq yig‘ilishlar o‘tkazdi, mutasaddilardan so‘radi, ularga jiddiy topshiriqlar berdi. Ammo aholida baribir hadik bor. Odamlar «ishqilib, qishning izg‘irinli kunlarida elektr, gaz va issiqlik ta’minotida uzilish bo‘lmasmikin», degan xayol bilan yashamoqda. Chunki, o‘tgan qishda vaziyat ancha murakkab bo‘ldi. Hatto poytaxtimiz Toshkentda elektr o‘chdi, gaz bo‘lmadi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda sovuqda qolish nechog‘li og‘ir ekanligini o‘z boshimizdan o‘tkazdik. Elektr o‘chib qolgach, televizor, radio, telefon, lift ishlamadi. Ishlab chiqarish korxonalari taqa-taxt to‘xtadi, kechalari hamma yoq qop-qorong‘u, zim-ziyo qo‘ynida qoldi. Qo‘yingki, hayot to‘xtab qolgandi go‘yo o‘sha kunlari.
Uning sabablarini izohlab, kimlardir «SSSR davrida O‘rta Osiyoni elektr energiyasi bilan ta’minlash marakazlashgani uchun qayerdadir uzilish yoki nosozlik bo‘lsa, butun boshli mintaqaning qiynalishini nazarda tutib tuzilgan rejaning oqibati», deyishdi. Boshqa birovlar yillar davomida elektr transformatorlar yangilanmadi, elektr uzatish simlari eskirib ketdi, natijada elektr quvvati iste’molchilarga to‘la yetkazib berilmadi, aholi ko‘payib, yangi uy-joylar qurilishi oqibatida elektr ta’minotida jiddiy uzilishlar bo‘ldi, degan taxminlarni aytishdi.
Xullas, nima bo‘lishidan qat’i nazar izg‘irinli, sovuq kunlar jabrini odamlar o‘z boshidan o‘tkazdi. Shuning uchun bu yilgi qishning g‘ami bilan qayg‘urmoqqa majburmiz. Shu bois, o‘tgan qish muammolaridan saboq chiqarish, elektr transformatorlarini yangilash, qo‘shimcha muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar boshlandi. Kichik kaskadli elektr energiyasi ishlab chiqaradigan GESlar qurishga kirshildi. Qo‘shimcha muqobil manbalar bo‘lmish, quyosh va shamol energiyasidan foydalanish borasida ilk qadamlar tashlandi. Lekin baribir bu bilan mamlakatni elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlari to‘la qondirilmaydi. Shundan kelib, chiqib hamma tomonlama arzon va ekologik bezarar bo‘lgan Atom elektr stansiyasi qurish kerak, degan takliflar yanada kuchaytirilmoqda. Chunki, avvaldan bu g‘oya ilgari surilib, uni amalga oshirishga kirishilgan edi.
O‘tgan qishdagi ahvoldan keyin AES qurishning zararidan foydasi ko‘proq, degan fikrga urg‘u bergan mutaxassislar ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z chiqishlarini ko‘paytirdilar. Darhaqiqat, elektr energiyasi bilan ko‘proq va arzon usulda ta’minlashning AES qurish orqali bartaraf etish yo‘llari ne chog‘li manfaatli. Yillar davomida Yevropa mamlakatlari, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Pokiston va Hindistonda qurilgan AESlar shu mamlakatlarni elektr energiyasi bilan ta’minlamoqda-ku. Nega bizda ham uni qurib, arzon va ekologik toza elektr energiyasi olish mumkin emas?
«O‘zbekistonda Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda har birining quvvati 1,2 ming megavatt bo‘lgan ikkita energiya blokidan iborat bo‘lgan atom elektr stansiyasi qurilish mo‘ljallangan. Bu butun O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 18-20 foizini tashkil etadi», deydi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadroviy fizika instituti direktori o‘rinbosari Ilhom Sodiqov.
«AES foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu esa elektr energiyasi olish uchun uglevodorod xom ashyosini yoqish o‘rniga, uni qayta ishlab daromadni bir necha barobarga oshiradigan yuqori qo‘shimcha qiymatli raqobatbardosh mahsulot olish imkoniyati paydo bo‘ladi degani. Mamlakatda ekologik toza va iqtisodiy manfaatli tinchlik maqsadidagi atom energetikasining yaratilishi energetika resurslariga bo‘lgan ichki ehtiyojning kafolatli ta’minlanishi, uning eksporti oshishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi», – deya qo‘shimcha qildi Sodiqov.
Shuningdek, AESning foydali tomonlaridan tashqari uning xatarli taraflari ham borligi aytilmoqda. Undan tashqari AESdan foydalanayotgan mamlakatlarning ayrimlari undan voz kechayotgani va yana boshqa davlatlarda esa yangi AESlar qurish ishlarining olib borilayotgani o‘zbekistonlik mutaxassislar, siyosatchilar va keng omma orasida turli xil bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekistonda AES qurish mumkin emas, deguvchilar quyidagi sabablarni aytmoqda:
- O‘zbekiston seysmik zonada joylashgan;
- reaktorlarni sovutish uchun milliard-milliard kub m. suv yo‘q;
- AESni qurish uchun mutaxassislar Rossiyadan olib kelinadi va ular egalik qilishadi;
- AESni O‘zbekistonda qurilishiga chegaradosh davlatlar ham rozi bo‘lmaydi.
Shuning uchun 11 oy quyosh chiqadigan O‘zbekistonda muqobil energiya turlaridan ayniqsa, quyosh nuri va shamol energiyasidan foydalanmoq afzal ekanligi iddao qilinyapti.
Gidromuhandis German Treshalov esa:
«Atom elektr stansiyasini qurish loyihasi biz o‘ylagandan ko‘ra xavfliroq bo‘lib chiqdi. Moskva AESning eng dahshatli tomoni bo‘lgan o‘ta yuqori zaharli chiqindilar muammosini «o‘zimiz olib ketamiz» deb hal etmoqchi edi, endi esa birdan bu taklifini qaytib olib, boshimizga katta, misli ko‘rilmagan falokatni tashlamoqchi.
Chiqindilarni o‘zimizda qoldirsak bizga qanday xavf soladi, degan savolga javob: O‘zbekiston yuqori toksik va o‘ta xavfli yadro chiqindilarining katta yig‘indisiga aylanishi va bu inson, atrof muhitga Orol fojiasidan battar falokat olib kelishi mumkin. Bu yaqin kelajagimizni vayronagarchilikka olib borishdir. Bular his-tuyg‘ular emas, bu haqiqatdir. Genetikasi buzuq nasl tug‘ilishi, jiddiy saraton turlarining epidemiyasi, millat genofondiga aqlga kelmagan ulkan zararlar – bularning barchasi qo‘rqinchli tush emas, bu endi haqiqat bo‘lishi mumkin. Vaziyat o‘ta jiddiy. Va hali bu muammoning hammasi emas.
AES ishlashi uchun suvning ko‘p sarf bo‘lishi ham hali muammoning hammasi emas. AES issiq haroratda ishlab chiqaradigan quvvatning faqat yarmini yoki yarmidan kamini ishlab chiqarishga kuchi yetadi, chunki issiq haroratda AESni o‘ta ehtiyotkorlik bilan ishlatish lozim va buni hamma biladi. Endi bizda «Rosatom» tanlagan maskanni qarang – Buxoro bilan Navoiyning o‘rtasi, ochiq, jazirama yondiradigan issiq joy. Bu joyda AES qurilsa, aytilgan quvvatining 20 foizini emas, undan ancha kaminigina ishlab berishi mumkin, agar AES ishi umuman yozda, kuzning birinchi oylarida va bahorning ikkinchi yarmida to‘xtatib qo‘yilmasa».
Ammo mutaxassis Ilhom Sodiqov fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoj yiliga 69 mlrd kVt/soatni tashkil etmoqda. Buncha hajmdagi energiyani olish uchun yiliga 16,5 mlrd kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 mln tonna ko‘mir sarflanadi. Uning aytishicha, 2030 yilga kelib mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj yiliga 117 mlrd kVt/soatga yetishi mumkin. Ushbu muammoni hal qilishning muhim yo‘li sifatida AES qurish taklifi ilgari surilmoqda.
AES qurish har tomonlama afzal, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni ko‘p miqdorda ta’minlab, ekologik jihatdan bezarar, deb yozayotgan mutaxassis fikrlarini eshitib, quvonish mumkin. Ammo ikkinchi, unga qarshi bildirilgan e’tirozlardan xabar topgach, o‘ylanib qolamiz. Kimga quloq tutish, qaysi taklifni har tomonlama foydali, deb qabul qilish haqida jiddiy bosh qotirish, bildirilayotgan xavotirlar neqadar asosli ekanligiga aniqlik kiritish haqida bilgimiz keladi.
Endi AESdan foydalanayotgan mamlakatlarda uning energiya ta’minotidagi o‘rni, boshqa energiya turlaridan afzalliklari, narx-navosi, keltirishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar borasidagi ma’lumotlarni surishtiramiz.
Nasiba Ziyodullayevaning O‘zAda e’lon qilingan «Yashil energetikaning iqtisodiy imkoniyati» nomli maqolasidan iqtibos: «Tahlillarga ko‘ra, energetika istiqbolida quyosh, shamol, gidroelektr stansiyalar kabi muqobil energiya manbalaridan foydalanish muammoning yechimidir. Shu bilan birga, atom energetikasi ham soha ravnaqida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda jahonning 30dan ziyod mamlakatida 451 energoblokka ega bo‘lgan 191 atom elektr stansiyasi barpo etilgan va ular samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. AQSh, Fransiya davlatlarida elektr energiyaning 72,3 foizi AES hisobiga qoplanadi.
Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya ham AESdan unumli foydalanishda yetakchilik qilmoqda. Birgina Janubiy Koreyada 24 ta atom elektr stansiyasi faoliyat ko‘rsatib, yana ular qatoriga 5 ta yangisi qo‘shilish arafasida. Demak, «Yashil energetika» har bir mamlakat uchun katta iqtisodiy imkoniyat bo‘lib, aholining farovon turmushini ta’minlashda keng o‘rin egallaydi. Chunki AES qurilishida ilg‘or bo‘lgan davlatlar bugungi kunda har jihatdan rivojlangan, xalqining turmush tarzi yaxshilangan va o‘zining barcha jabhada ilg‘orligini ko‘rsatib kelayotgani bunga yaqqol misoldir».
Shu bilan birga, atom energiyasining rivojlanishiga qarshilar quyidagi sabablarni keltiradilar: butun dunyoda yuqori darajadagi radioaktiv chiqindilarni ishonchli saqlash va yo‘qotishning hal qilinmagani; yadroviy chiqindilarni utilizatsiya qilish, AESlarni yopish va uni ekspluatatsiya darajasida ushlab turishning iqtisodiy besamarligi; uran zaxiralari cheklangani va yadro yoqilg‘isi narxlari oshayotgani; Masalan, AESlar Germaniyaning muqobil energiya manbalariga o‘tishida «ko‘prik» sifatida xizmat qilishi uchun zarur vosita edi va kelajakda Yevropa mamlakatlari AESlardan foydalanishdan voz kechadi.
Holbuki, AESni O‘zbekistonga taklif qilayotgan Rossiya uchun ham Yevropa ittifoqida yetakchi mamlakat bo‘lgan Germaniya tajribasini o‘rganish judayam foydali bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda AESni ishga tushirish 10 yildan keyinga rejalashtirilgan, ammo bu pulga muqobil taklif qilish va quyosh panellari yoki shamol tegirmonlarini qurish mumkin, deyishmoqda soha mutaxassislari.
Shuningdek, Chernobil va Fukusima halokatlarini unutmaslik kerak. Hatto, manaman degan Yaponiya davlati ham bu muammoni mustaqil bartaraf eta olmadi. Atom energetikasi sohasida malakali mutaxassislarimiz yo‘qligini unutmaslik kerak. AESdan foydalanishda misol tariqasida Yevropani keltirishadi, ya’ni Fransiya elektr energiyasining 75 foizini AESdan oladi. Ammo ularda AES bo‘yicha 30-50 yillik tajriba va malaka bor, hozirgi holatimizni ularniki bilan solishtirish unchalik ham to‘g‘ri emas. Shuningdek, ularni qurish juda qimmat va yadro chiqindilarini olib chiqib ketish tekinga emasligini ham unutmasligimiz kerak.
Hozirda Yevropaning barcha davlatlari AESdan bosqichma-bosqich voz kechishmoqda, AES ular uchun 20-50 yil muqaddam dolzarb edi. Agar AES qurish lozim bo‘lsa, unda atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislarni O‘zbekistondan faqat Rossiya Federatsiyasiga emas, AESlarni ekspluatatsiya qilish borasida katta tajribaga ega bo‘lgan Germaniya, Fransiya va Chexiyaga o‘xshagan mamlakatlarga shartnoma asosida yuborish kerak.
Yuqoridagi fikrlar shu sohaning mutaxassislari tomonidan bayon etilgan. Atom elektr stansiyasi qurilish qanchalik kerak yoki yo‘q, degan savol ko‘plab munozaralarga sabab bo‘layotgan ekan, biz uchun yana boshqa manfaatli yo‘llar bormikan, degan so‘roq atrofida mulohaza yuritmoqqa ehtiyoj sezilyapti. Agar AES haqiqatdan ham O‘zbekiston uchun kutilganidek foyda bermas ekan, unda muqobil energiya turlari bo‘lmish quyosh panellari, shamol energiyasi va gidroelekt stansiyalarini ko‘paytirish orqali masalaga yechim izlamoqqa kirishgan ma’qul ko‘rinadi. Ayniqsa, O‘rta Osiyo mintaqasi uchun birdek manfaatli bo‘lgan GESlarni birgalikda va ko‘proq qurish choralarini ko‘rish afzalga o‘xshaydi. Mintaqani suv bilan ta’minlovchi suv zahiralarining asosiy qismi Qirg‘iziston va Tojikiston hududida joylashganini e’tiborga oladigan bo‘lsak, ikki respublikadagi daryolar o‘zanlariga birgalikda GESlar qurish mintaqadagi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirishi mumkinligi ayon bo‘ladi.
– Ayniqsa, – deydi shu soha bilan anchadan buyon shug‘ullanayotgan Abdurashid Qutfiddinov. – Farg‘ona vodiysini qisqa muddatda arzon narxda, samarali usulda elektr energiyasi bilan ta’minlasa bo‘ladi. Masalan, bizdagi loyiha bo‘yicha birgina Norin daryosi o‘zaniga har 8 km.da bir nechta to‘rt kaskadli GESlar va ularning yonida ancha miqdorda elektr energiyasi yetkazib beradigan mikro GESlar barpo etish rejamiz ham bor. Agar bu rejalar to‘liq ishga tushsa, Farg‘ona vodiysini hozirgiga nisbatan ikki baravar ko‘p miqdorda elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.
Abdurashid Qutfiddinov taklif qilayotgan loyiha ishga tushsa, uch yilda bitta AES beradigan ekologik toza, arzon elektr energiyasini olish mumkin ekan. Deylik, Qirg‘iziston va Tojikistondan boshlanib O‘zbekiston hududiga kelayotgan daryolar o‘zanlariga ham qardoshlarimiz bilan hamkorlikda xuddi shu loyiha asosida ishlar amalga oshirilsa qanday natijalarga erishish mumkinligini bilmoqchi bo‘lganlar Abdurashid Qutfiddinovdan so‘rab olishlari mumkin. Shuning uchun taklif etilayotgan loyihani shu sohaga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar har tomonlama o‘rganib, xulosaga kelishlari talab etilmoqda. Abdurashid Qutfiddinov o‘z loyihasini sohaning yetuk va diyonatli mutaxassislari ishtirokida amalga oshirishga tayyor.
Undan tashqari, Tojikiston Respublikasi hududida joylashgan va bir asrdan oshiq vaqtdan buyon katta hajmda yig‘ilib qolgan Sarez ko‘li suvidan Markaziy Osiyo respublikalari birgalikda foydalanish yo‘llarini izlashlari mintaqa xalqlari hayotida muhim o‘zgarishlari yasashi mumkin, deyishmoqda soha mutaxassislari.
Agar, Sarez ko‘li suvidan foydalanish yo‘llari izlab topilsa, avvalo, Markaziy Osiyodagi mamlakatlarni to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlashga zamin yaratiladi. Buning uchun Sarezdan olingan suv o‘zanlariga mutaxassis Abdurashid Qutfiddinov taklif qilayotgan 4 kaskadli GESlar va ularning yonida mikro gidro elektr stansiyalari qurilsa, butun boshli mintaqa bir vaqtning o‘zida, bir nechta muammolar iskanjasidan xalos bo‘ladi. Shuningdek, qo‘shni mamlakatlarga ham elektr energiyasini eksport qilish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, mintaqaga xavf solayotgan suv taqchilligidek dolzarb muammoga yechim topiladi. Faqat o‘ta xavfli deyilayotgan Sarez ko‘lidan ilmiy texnikaviy taraqqiyotning so‘nggi usullaridan oqilona foydalangan holda unga yechim topish kerak, xolos. Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlari dunyoning shu sohaga doir yirik ekspertlari va mutaxassislarini bir joyga jamlab, xalqaro tadbir o‘tkazishlari maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Yuqoridagi muammolarga yechim topgudek bo‘lsa, ana o‘shanda O‘zbekistonda yoki qo‘shni Qozog‘istonda AES qurish kerakmi yoki yo‘qmi, degan savollarga o‘rin qolmaydi.
Aytib qo‘yay, ushbu maqola muallifi soha mutaxassisi emas. Kamina ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan mutaxassislar fikrlaridan foydalanib, undan keyin o‘zimning kuzatuvlarim asosida ushbu maqolani yozdim. Shuning uchun mavzuga aloqador fikr va takliflar «mutlaqo haq yoki mutlaqo to‘g‘ri», degan da’volardan yiroqman.
Ro‘ziboy QO‘LDOShEV
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter