Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soniyalarda quvvat oluvchi tuganmas batareyalar

Soniyalarda quvvat oluvchi tuganmas batareyalar

Foto: «Yevronyus»

Germaniyaning Drezden shahrida bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan neft va ko‘mir kabi uglerodlardan voz kechish hamda zamonaviy iqtisodiyotning yangi manbalarini izlab topish borasida tadqiqotlar olib borilmoqda.

Jadal rivojlanayotgan batareya texnologiyalari sohasi bo‘yicha mutaxassis Andrey Baldujjiga: «Batareyalarda inqilobiy yangilikka qanchalik yaqinmiz?», — deya savol berdik.

«Menimcha, juda yaqinmiz. Biroq bu borada faqat bitta uskuna kamlik qilada. Turli jihozlar bo‘lishi kerak. Chunki ko‘proq ehtiyojlarni qondirishimiz kerak. Elektr energiyasida batareyalar afzal ko‘riladi. Og‘ir yukli mashinalar uchun superkondensatorlarga ehtiyoj katta», — dedi u.

Elektrmobilingizning bir necha daqiqada yoki telefoningizning bir necha soniyada quvvatlanishini tasavvur qiling. Saksoniyada dunyoga mashhur «Skeleton Teknolijs» nomli firma mutasaddilari bu masalalar ustida bosh qotirishayapti.

Bu korxona Yevropa homiyligida tez orada Drezden shahri yaqinlarida elektr jihozlarini qisqa fursatda quvvatlash uchun ultrakondensator texnologiyasi taraqqiyoti yo‘lida yangilikka qo‘l urdi.

Taavi Madiberk, «Skeleton Teknolijs»: «Besh yoki o‘n yil ilgarilab ketaylik. Ultrakondensatorlar qo‘llangan bir ulov bilan quvvatlash shoxobchalariga borganingizni tasavvur qilib ko‘ring. Bir necha soniyada ulovingizni quvvatlantirib olasiz».

Ekologik musaffo hayotni orzu qilsak, elektr energiyasini g‘amlashning samarali yo‘llarini axtarib topishimiz kerak. Yevropa ittifoqi komissiyasi avvalroq bir necha soniyada quvvatlana oladigan yangi batareyalar kashf etish uchun mukofot jamg‘armasi 10 million yevroga teng musobaqa e’lon qilgan edi.

Taavi Madiberk, «Skeleton Teknolijs»: «Bu borada shunday batareyalar kashf etishimiz kerakki, ular ikki-uch soniyada quvvat olib, butun umrga yetadigan bo‘lishi zarur. Bu kashfiyot barcha muammolarimizni bartaraf eta olmaydi. Biroq iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda muhim bosqichni boshlab beradi».

«Bu texnologiya hayotimizni butunlay o‘zgartirishiga ishonaman. Kundalik qo‘llanayotgan aksariyat jihozlarimizda batareya va super kondensatorlar bor. Yaqin kelajakda bularning soni ko‘paysa ko‘payadiki, aslo kamaymaydi. Negaki, tez orada elektr energiyasidan quvvatlanadigan avtomobillar paydo bo‘ladi», — deya fikrini davom ettiradi Andrey Baldujji.

Andrey bu texnologiya atrof-muhitga ijobiy ta’sir qilibgina qolmay iqtisodiyotning yanada rivojlanishiga ham hissa qo‘shishini ta’kidlaydi: «Yangi tadqiqotlar yangi jihozlarga tayanadi. Jihozlarni esa yangi texnologiyalarsiz tasavvur qilish qiyin. Yangi texnologiya – yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash demak».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring