«So‘nggi tuyaning yuki og‘irroq» — qozoq xalq maqollarini o‘qiymiz

Rasmiy nomlanishi – Qozog‘iston Respublikasi. Markaziy Osiyoda joylashgan. Shimolda – Rossiya, janubda – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston, sharqda – Xitoy bilan chegaradosh.
Bu mamlakatning g‘arbiy qismi Kaspiy dengizi, janubiy qismi Orol dengizi bilan tutashgan.
Poytaxti – Ostona. Hududi – 2.724.902 km². Aholisi – 19 million 644 ming nafardan ko‘p. Davlat tili – qozoq. Pul birligi – tenge.
* * *
Vatan – xalqning, xalq – yigitning onasi.
Ko‘p yashagandan emas, ko‘p ko‘rgandan so‘ra.
Qisqa so‘zlar yaxshidan-yaxshi.
O‘zing bilmaysan, biladiganni ham eshitmaysan.
Sinashta maskanda insonni, notanish joylarda po‘stinni hurmat qiladilar.
Otilgan o‘q ortiga qaytmas.
Yashil o‘tlar mo‘l joyda buqalar; janjal ko‘p joyda hukmdorlar, murdalar talay joyda esa mullalar semizdir.
Bo‘g‘izlangan qo‘y bo‘g‘izlangan echkidan go‘sht so‘raydi.
Chiroyli emas, sevimli ayol chiroyli.
Erkagi ko‘p maskanda o‘tin, ayollari bisyor joyda suv bo‘lmas.
Aravaning oldingi g‘ildiraklari qayerga yetaklasa, orqa g‘ildiraklar ham o‘sha tomonga ketur.
Qaysi barmog‘ingni tishlama, hammasi og‘riydi.
Biri to‘qlikdan, boshqasi ochlikdan sakraydi.
Nodonning qo‘lidan obihayotni ham ichma.
Mingta kuchuk yeganidan ko‘ra, bitta bo‘ri yegani yaxshi.
Baliqchi qush uchib kelmasa, bahor ham bo‘lmaydi.
Shoshilmaydigan odam aravada bo‘lsa-da quyonni quvib yetur.
Ola molning dog‘i tashida, kaltafahm odamniki esa ichida.
Bir marta oqargan soqol boshqa qoraymaydi.
Bugungi tuxum ertangi tovuqdan afzal.
Sham yog‘dusi o‘ziga tushmaganidek, inson qadr-qimmati yaqinlariga sezilmaydi.
Yoshlar orasida qariyaning zehni o‘tmaslashadi, qariyalar orasida yoshning aqli kiradi.
O‘z vataningda issiq, olovi ham otashin.
So‘nggi tuyaning yuki og‘irroq.
G‘uncha o‘zi o‘sgan joyda gullasa, yigit tug‘ilgan maskanida kuchlidir.
«Dunyo xalqlari maqollari»dan
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter