Sog‘liqni saqlash vazirining xorijlik o‘rinbosari ishga kirishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning qarori bilan Dongvuk Li Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari maslahatchisi lavozimiga tayinlanib, sog‘liqni saqlash sohasiga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash va islohotlarni ekspert jihatdan qo‘llab-quvvatlashga mas’ul etib belgilangan edi.
O‘z vazifasini bajarishga kirishgan Dongvuk Lining vazirlik markaziy apparati va tasarrufdagi muassasalar rahbarlari bilan tanishuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Qayd etish joizki, Dongvuk Li o‘z vatani – Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza vazirligida demografik siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etib, tibbiy xizmat narxlarini tartibga keltirish hamda sug‘urta tizimini takomillashtirishda ko‘maklashgan. Shifoxonalarni boshqarish va tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yuksaltirish, shuningdek, sog‘liqni saqlashning bemorga yo‘naltirilgan yaxlit tizimi yaratilishida ham uning xizmati katta. Bundan tashqari, tibbiyot tizimi va resurslari bilan bog‘liq siyosat hamda integratsiya dasturini ishlab chiqish va takomillashtirishda yordam bergan.
Sohada mana shunday katta tajribaga ega Dongvuk Li mamlakatimiz uchun muhim yo‘nalish bo‘lgan tibbiy sug‘urta sohasini Koreya Respublikasi tajribasini chuqur o‘rgangan holda tatbiq etish, eng muhimi, 2019 – 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash yo‘lida bor bilim va salohiyatini ishga solishini aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Dongvuk Li vazir o‘rinbosari sifatida xalqaro standartlar va JSST tavsiyalari asosida sohani kompleks huquqiy tartibga solish, majburiy tibbiy sug‘urtani joriy etish, tizimni moliyalashtirish va tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini yurtimizda qo‘llash, investitsiyalarni jalb etishda qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash hamda «elektron sog‘liqni saqlash» tizimini keng tatbiq etishga mas’ul hisoblanadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Abduhakimov ishtirok etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter