Sherzod Shermatov Tatariston Bosh vaziri o‘rinbosari bilan nimalarni muhokama qildi?
Bugun, 22 mart kuni IT-Park rezidenti «Astrum» IT akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Roman Shayxutdinov va «Innopolis» maxsus iqtisodiy zonasi vakillari bilan o‘zaro muloqot qildi.
Uchrashuvda IT-ta’limni rivojlantirish, mutaxassislar tayyorlash, AKT sohasida o‘zaro yaqinlikni kengaytirish bo‘yicha atroflicha fikrlar almashilgan. Shuningdek, IT-Park va «Innopolis» maxsus iqtisodiy zonasi faoliyatlari to‘g‘risida, O‘zbekiston va Tataristonda IT sohasini rivojlantirish hamda IT tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida taqdimotlar ham o‘tkazildi.
Muzokara doirasida «Innopolis» maxsus iqtisodiy zonasi vakillari bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot sohalarida birgalikda loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikda kadrlar malakasini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, autsorsing IT-xizmatlarni tashkil etish maqsadida IT-Park bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.
Shu bilan birga IT-Park hamda «Innopolis» maxsus iqtisodiy zonasi o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlik olib borish maqsadida «Yo‘l xaritasi» imzolandi.
Bugun O‘zbekistonda xorijiy IT kompaniyalarning to‘laqonli faoliyat olib borish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shunga ko‘ra xorijiy kompaniyalar, shular qatorida Tatariston texnoparklari ham O‘zbekistondan IT mutaxassislarni keng jalb qilishlari mumkin. Bu esa yoshlarning bandligini oshirish, ularni yuqori maoshli ish bilan ta’minlashga zamin yaratadi.
IT mutaxassislarni tayyorlashda xususiy o‘quv markazlari ham munosib hissa qo‘shadi. Ulardan biri Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan «Astrum» IT akademiyasi hisoblanadi. «Astrum» IT akademiyasi ikki qavatli zamonaviy bino bo‘lib, ta’lim va ishlab chiqarishni qamrab olgan klasterdir.
Bu yerda yoshlar avval dasturlashni o‘rganib, keyin shu sohada ishlaydi. Ularning o‘zlashtirishini sun’iy intellekt baholaydi.
Tomonlar ta’kidlaganidek, mazkur memorandum har ikki mamlakatning axborot texnologiyalari sektori va startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga va O‘zbekistondagi ishlab chiquvchilar va startap egalariga xalqaro bozorga chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi..
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter