Shavkat Mirziyoyev Toshkentda tirbandlik va YTHni kamaytirish yo‘lini aytdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kuni Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda avvalroq xabar bergandik.
Aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshiriladi. Bunda tizimli yondashuv va odamlar og‘irini yengil qilish maqsadi ustuvor bo‘lishi, barcha transport turlari – yo‘nalishli, temir yo‘l transporti va metro liniyalari, velosiped va piyodalar harakatiga mo‘ljallangan yo‘llarning uzviy bog‘liqligi ta’minlash va kompleks rivojlantiriladi.
Hududlardan Toshkent shahriga kelishdagi asosiy yo‘llarda 10 ta zamonaviy shohbekat, yo‘lovchilar juda ko‘p bo‘ladigan 6 ta metro bekati yonida avtoturargohlar barpo etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Joriy yilda Qo‘yliq-Qipchoq yerusti metrosi qurilishi ham yakunlanadi. Buning natijasida yengil avtomobildan foydalanayotgan 70 ming aholi uchun jamoat transportida yurishga qulay sharoit yaratiladi.
Bundan tashqari, yo‘lovchilar oqimining kelgusi 5 yillik prognozidan kelib chiqib, jamoat transporti tizimining iqtisodiy-matematik modelini yaratish, Transport universiteti ilmiy salohiyatini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Toshkent shahrida transportlar soni yiliga 15 foiz o‘sib, kuniga 800 ming avtomobil harakatlanmoqda. Yo‘llar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas. 500 dan ortiq katta chorraha bo‘lib, aksariyatining o‘tkazuvchanlik darajasi past. Bularning hamda harakatlanish madaniyati pastligi oqibatida yo‘l-transport hodisalari ko‘p sodir bo‘lmoqda.
Davlat rahbari yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etish orqali mazkur chorrahalarda o‘tkazuvchanlik va qulaylikni oshirish kerakligini ta’kidladi. Bu yil 200 ta chorrahada harakatni transport oqimiga qarab boshqarish tizimi joriy etilishi, 180 kilometr piyoda va velosiped yo‘laklari qurilishi, 2 ming avtomobilga mo‘ljallangan to‘xtash joylari tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, joriy yilda avtobus parkining 35 foizi yangilanadi. Buning uchun 410 ta avtobus va elektrobus xarid qilinib, katta sig‘imli avtobuslar soni 2 barobar oshiriladi. Shuningdek, shaharda elektromobillar soni ko‘payib borayotganini hisobga olib, ular uchun quvvatlash stansiyalarini tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda Toshkent shahrida jamoat transporti va transport infratuzilmasini Germaniya va Rossiyaning megapolislarni rivojlantirish borasidagi ilmiy asoslangan tajribasi asosida takomillashtirish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, jamoat transporti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish, “Toshshahartransxizmat” korxonalarini moliyaviy auditdan o‘tkazib, transformatsiya qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari sohani budjet va boshqa manbalardan tashqari davlat-xususiy sherikchilik asosida ham rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga poytaxtimizda jamoat transportini rivojlantirish konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqib, keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish topshirildi.
Istiqbolda barcha viloyat markazlaridagi jamoat transportini ularning aholi soni, yashash va ish joylari, rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqib poytaxt tajribasi va ilmiy yondashuv asosida takomillashtirilishi ta’kidlandi.
Oxirgi paytda Toshkent shahrida avtobuslarning ko‘pi eskirgani, markaziy shohbekatlar yopilib, yo‘nalishlar o‘zaro samarali bog‘lanmagani oqibatida aholiga noqulaylik tug‘dirayotgan edi.
Masalan, so‘nggi besh yilda poytaxt aholisi 300 ming nafarga ko‘paygan, hududi ham kengaygan. Bundan tashqari, har kuni bir milliondan ortiq odam kelib-ketadi. Lekin jamoat transport tizimi poytaxtdagi o‘zgarishlardan orqada. 350 ta avtobusning foydalanish muddati 10 yildan oshgan, 393 ta avtobus yetishmaydi. Tirbandliklar oqibatida avtobuslar orasidagi interval tig‘iz paytda 30 daqiqagacha yetmoqda.
Oqibatda yo‘lovchilar bu xizmatdan norozi bo‘lib, shaxsiy transportdan foydalanishga o‘tib ketmoqda. Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 79 foizni, jamoat transportidan foydalanish darajasi esa bor-yo‘g‘i 21 foizni tashkil etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter