Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan tabrikladi
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida davlatimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, vatandoshlarimizni ushbu qutlug‘ sana bilan tabrikladi.
«Siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan bu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini yana bir bor chuqur his etamiz», dedi davlat rahbari.
Prezident erishilgan natijalar bilan birga hali oldinda ko‘p vazifalar turgani, iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, yoshlarni ishga joylashtirish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini rivojlantirish zarurligini qayd etdi. Bu boradagi barcha dolzarb masalalar xalq bilan muloqot asosida, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilishini ta’kidladi.
«Bizning bosh maqsadimiz - xalqimizning roziligi. Bu Prezident sifatida mening, barcha bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilar, deputat va senatorlar, butun davlat idoralarining faoliyatiga berilgan eng oliy va eng adolatli bahodir. Agar xalqimiz bizdan rozi bo‘lsa, Yaratgan ham rozi bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Mana shu ulug‘ ayyomda barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori bo‘lgan mehnatkash, mard va saxovatli, bag‘rikeng va olijanob halqimizga farzandlik mehrim bilan ta’zim qilaman», deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter