Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Namanganda yangi tashabbus bilan chiqdi

Shavkat Mirziyoyev Namanganda yangi tashabbus bilan chiqdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Namangan viloyati faollar yig‘ilishida ishtirok etmoqda. Xabar.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari tadbir davomida yangi tashabbus bildirdi.

— Namanganda yangi tashabbus bilan chiqmoqchimiz. Ya’ni, mahalla asosiy tashabbuskor va islohotchi bo‘lishi kerak.

Hokimga ko‘p narsa bog‘liq. Ammo viloyatda 775 ta mahalla bor. Agar mana shu mahallalar raislari kechagidek ishlashda davom etsa, hech narsaga erisha olmaymiz. Rais avvalgidek to‘y hashamlarda keldi-kettiga qarab turadigan odam bo‘lsa, hech narsa o‘zgarmaydi. Endi u asosiy tashabbuskor bo‘lishi kerak.

Mahalla raisi o‘z vijdoniga savol berib ko‘rsin, u islohotchi bo‘la oladimi?

Kecha Dashtbog‘ mahallasi raisi, Muzaffar degan 22 yoshli yigit bilan tanishdim. Biz albatta nuroniylar va oqsoqollarni hurmat qilamiz, barchasi e’tirofga sazovor. Ammo endi bizga yangiliklarga intiluvchan yoshlar kerak.

Muzaffar «temir daftar», «ayollar daftari» va «yoshlar daftari»dagilarni ro‘yxatdan chiqarishga va’da beryapti. Mahallasida ikki nafar adashgan bor ekan, ularni ham ortga qaytarishga shay bo‘lib turibdi. Buning uchun imom xatiblarimiz ham yordam beradi.

Men mahalla raisini mana shu Muzaffar Ahmadjonov timsolida ko‘ryapman. Biz mahallalar boshqaruviga zabardast, tashabbuskor insonlarni ko‘rishimiz kerak.

Odamlar to‘planib chiqib, «bu yaxshi odam», deb rais qilib qo‘yaverish vaqti o‘tdi. Bizga tashabbuskorlar kerak. Namanganga bu qadar keng imkoniyat shu vaqtga qadar yaratilmagan, pul ajratilmagan. Mahalla raisi har kuni bitta bo‘lsa ham muhtojning joniga oro kirishi kerak. Namangan viloyatidagi 775 ta mahalla raisligiga nomzodni shaxsan o‘zim ko‘rib chiqaman.

Mahalla raisini tumandagi majlislarga chaqirish man etiladi. U o‘z hududini rivojlantirish haqida o‘ylashi kerak.

Janubiy Koreya 50 yil oldin bizdan ham xarob edi. Nima uchun rivojlandi? Chunki ularda islohotlarga beparvolik bilan qaralmagan. Hamma birdek harakat qilgan.

Koreyada ham mahallaga o‘xshash institutlar bor. U yerda mahalla boshlig‘i kun o‘tishi uchun yurmaydi, kerak bo‘lsa ertalabdan borib, odamlarning eshigini taqillatib, bolasini maktabga yuborishini so‘raydi. «Agar bolang hozir o‘qib, yaxshi tarbiya olmasa, ertaga u ham, o‘zing ham boshimizga balo bo‘lasan. Shuning uchun o‘zing bosh bo‘lib, maktabga olib bor», — deydi.

Muhtoj oilalarga quyon, baliq, tovuq, asalari va boshqa kichik tadbirkorlik vositalari olib beriladi. U o‘zini tiklab olsin. «Bersang yeyman, ursang o‘laman», deb o‘tiradigan vaqt o‘tdi. Hamma harakat qilishi shart, — dedi Prezident.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring