Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev pandemiyada haqiqiy holatni yashirmaslikni aytdi va rahbarlarni ogohlantirdi

Shavkat Mirziyoyev pandemiyada haqiqiy holatni yashirmaslikni aytdi va rahbarlarni ogohlantirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbari kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tishdan oldin koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi. Joriy haftada kuniga o‘rtacha 370 ta yangi bemor aniqlangani, karantin talablari yumshatilgan hozirgi sharoitda ushbu raqam nazorat ko‘rsatkichi bo‘lishi qayd etildi.

Prezident haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Hokimlar, sektor rahbarlari hamda mutasaddi idoralar xodimlari har bir mahallada, jamoat joylari, transport va korxonalarda sanitariya talablari bajarilishi bo‘yicha temir intizomni ta’minlashi zarurligi aytib o‘tildi. Ayniqsa, to‘y-marosimlarni bir necha kun davomida yoki bir kunda 3-4 marta o‘tkazish holatlariga chek qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Koronavirusga chalingan bemorlarni dunyodagi eng ilg‘or va ishonchli usullar bilan davolash uchun barcha choralar ko‘rilayotgani, jumladan, hozirgi paytda Rossiya, Germaniya, Turkiya, Xitoydan 75 nafar yuqori malakali shifokor yurtimizda ish olib borayotgani ta’kidlandi.

– Infeksiyani yuqtirmaslik, avvalo, o‘zimizga, o‘z sog‘lig‘imizga bo‘lgan e’tiborimizga, oilamizdagi muhitga bog‘liq. Agar hamma, butun jamiyatimiz tozalik, tibbiy himoya va ijtimoiy masofa qoidalariga amal qilsa, kasallik ko‘paymaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda ko‘makka muhtoj oilalarga moddiy yordam berish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Shu maqsadda 26 avgust kuni davlatimiz rahbarining “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi yana bir qarori qabul qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, ko‘makka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida “temir daftar”ga kiritilgan, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga 500 ming so‘mdan yordam puli beriladi. Ushbu moddiy yordam bilan jami 810 mingdan ziyod bolalar qamrab olinadi. Buning uchun 400 milliard so‘mdan ortiq budjet mablag‘lari ajratildi.

Boquvchisini yo‘qotgan oilalardagi va nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalar bo‘yicha aniq hisob-kitoblar mavjud bo‘lib, to‘lovlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya va nafaqaga qo‘shib beriladi. Bu juda qulay, chunki tizim bor.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, hokimlar hamda sektor rahbarlariga yordam pullarini muhtoj oilalarga adolatli, ochiq va to‘g‘ri yetkazib berish, hech kimni e’tiborsiz qoldirmaslik yuzasidan topshiriqlar berildi. Aholi bilan uchrashib, ushbu mablag‘lar haqiqatda yordamga muhtoj bolalarning barkamol rivojlanishi va sog‘lig‘i uchun sarflanishi zarurligini tushuntirish vazifasi qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring