Shavkat Mirziyoyev chegaradagi hodisa yuzasidan Qirg‘iziston prezidenti bilan suhbatlashdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari kuni kecha «Chashma» chegaraoldi hududida ro‘y bergan hodisa bilan bog‘liq masalalarni batafsil ko‘rib chiqib, bunday vaziyat boshqa takrorlanmasligi uchun mukammal choralar qabul qilish muhim ekanini ta’kidladilar. Hukumat delegatsiyalari o‘tkazgan muzokaralarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki tomonlama munosabatlarga oid mavjud masalalarni tartibga solish hamda amaliy hamkorlikni, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiya sohalarida yangi o‘sish nuqtalarini aniqlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni faollashtirish yuzasidan kelishib olindi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston va Qirg‘iziston Hukumatlararo qo‘shma komissiyasi hamda Chegaradosh viloyatlar ma’muriyatlari rahbarlari kengashining navbatdagi majlislarini o‘tkazish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Suhbat chog‘ida koronavirus pandemiyasi tarqalishining oqibatlariga qarshi kurash bo‘yicha yaqindan hamkorlikni va idoralararo almashinuvlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Prezidentlar halqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yanada mustahkamlashda qat’iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter