Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida sodir bo‘lgan fojiali holatlarga munosabat bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida sodir bo‘lgan fojiali holatlarga munosabat bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu ustuvor masalalar yuzasidan o‘tgan 3 yilda 20 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yo‘liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olindi. Inson huquqlarini buzganligi uchun 60 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bunday o‘zgarishlar odamlarimizda haqiqat va adolatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda. Lekin xalq sud-huquq tizimidan rozi deyishga hali asos yo‘q.

Ayniqsa, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerakligi qayd etildi. Hozirda jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimlari qonun oldida javob bermoqda. 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi, yana 16 tasi intizomiy javobgarlikka tortildi.

Oliy Majlis palatalari yetakchilari boshchiligida parlament a’zolari joylarda xalq bilan ochiq muloqot o‘tkazgan paytda jamoatchilik ushbu yo‘nalishlardagi mavjud adolatsizliklarni ochiq-oydin bayon qilgan.

Ushbu tajriba asosida, bundan buyon deputat va senatorlar o‘zlari saylangan hududlarda sudyalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda Odil sudlovga ko‘maklashish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muntazam ravishda muloqotlar o‘tkazib boradilar.

Aholi tomonidan ko‘tarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy kengashlarda tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddilar oldiga aniq savollar qo‘yiladi va mas’uliyatiga baho berib boriladi.

Oliy Majlisdagi maxsus qo‘mitalar har bir hududning odil sudlov va korrupsiya masalalariga oid reytingi yuritilishiga bosh-qosh bo‘lib, har yarim yilda natijalari bo‘yicha parlament eshituvlari va tekshiruvlarini o‘tkazib boradi.

Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga «Inson qadr-qimmati - eng oliy qadriyat» maxsus o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o‘qitish vazifasi yuklatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring