Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Sharq va G‘arb o‘rtasidagi strategik ko‘prik: O‘zbekiston hamda Vengriyani bog‘lab turgan rishtalar

Sharq va G‘arb o‘rtasidagi strategik ko‘prik: O‘zbekiston hamda Vengriyani bog‘lab turgan rishtalar

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Budapeshtga bordi.

Tashrif doirasida Budapesht shahrida oliy darajadagi muzokaralar, Vengriyaning rasmiylari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

Bu davlatimiz rahbarining so‘nggi 5 yil ichida Vengriyaga uchinchi tashrifi bo‘lib, ushbu mamlakat bilan do‘stona munosabatlarning strategik ahamiyat kasb etishidan darak beradi.

Yevropa yuragidagi turkiy ildizlar

Vengerlarning ajdodlari qadimda Osiyoda yashagan. Vengriyaning davlat tili hisoblangan mojar tili ural tillari oilasiga mansub hisoblanadi.

Ushbu mamlakat Avar xoqonligi va boshqa ko‘chmanchi xalqlar merosini saqlab qolgan. Avar xoqonligi Pannoniya (hozirgi Vengriya, Yugoslaviya va Avstriya hududining bir qismi)dagi avarlarning davlat birlashmasi (VI—VIII asrlar) bo‘lgan.

G‘arbiy turk xoqonligining asosini tashkil etgan avarlar O‘rta Osiyodan Kaspiy bo‘yining g‘arbidagi dashtlarga, so‘ngra shimoliy Qora dengiz bo‘ylari, Dunay bo‘yi va Bolqon yarim oroliga kirib borganlar. Avar xoqonligini yirik sarkarda Boyonxon boshqargan. O‘sha vaqtda mamlakat yashil rangli bayroqqa ega bo‘lgan, bayroq o‘rtasida orqaga qarab o‘q-yoy otayotgan kishi otda chopib ketayotgan holatda tasvirlangan. Mahmud Koshg‘ariy bu holatni Iskandarning Turonni bosib olayotgan davridagi turkiy qavmlarga nisbat bergan.

Vengriyaning birinchi qiroli Ishtvan (970-1038-yillar) davrida mamlakat Yevropa bilan integratsiyalashgan, bir paytning o‘zida o‘z milliy xususiyatlarini ham saqlab qolgan.

Bugungi Vengriya – Yevropaning yuragida joylashgan, tarixiy o‘zligini ehtiyotlab, yangi geosiyosiy vaziyatda strategik pozitsiyani egallayotgan davlat hisoblanadi.


Vengriya

  • Hududi — 93 ming km²
  • Aholisi — 9,6 mln kishi
  • Poytaxti — Budapesht (1,8 mln. aholi)
  • YaIM (2024) — 229 mlrd. Dollar
  • YaIM kishi boshiga — 25,7 ming dollar

Siyosiy va iqtisodiy sheriklik

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yilda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bu aloqalar yangicha sur’at oldi. Ayniqsa, 2021 va 2022 yillarda o‘zaro rasmiy tashriflar, Budapesht va Toshkentda o‘tkazilgan Biznes forumlar, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyalar – barchasi ikki mamlakat o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi.

2024 yildagi ikki tomonlama savdo aylanmasi 78,1 mln dollarni tashkil qildi. Farmatsevtika, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va ta’lim sohalaridagi investitsiyaviy loyihalar ikki mamlakat munosabatlarining ko‘lamini boyitmoqda. Angren erkin iqtisodiy hududida venger kompaniyalari uchun ajratilgan maxsus sanoat hududi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.


Ahamiyatli loyihalar:

  • Angren erkin iqtisodiy hududida venger kompaniyalari uchun sanoat zonasi (50 ga) tashkil etildi (2024 yil).
  • 16 ta korxona (7 qo‘shma, 9 xorijiy) O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda.
  • Qayta tiklanadigan energetika sohasida 2024–2026 yillar uchun hamkorlik dasturi imzolangan.

Vengriya – Yevropa, ammo Sharqqa yaqin

Budapeshtning tashqi siyosati «Sharqqa yaqinlik» strategiyasi bilan ajralib turadi. Viktor Orban hukumati XXI asr realliklarini teran anglab, Yevropa Ittifoqi bilan muloqotni saqlagan holda, Turkiya, Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlamoqda. Vengriya 2018 yilda Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomini olgan ilk Yevropa davlati bo‘ldi. 2019 yilda Budapeshtda tashkilotning Yevropa vakolatxonasi ochildi.

O‘zbekiston esa turkiy davlatlar o‘rtasida integratsiya jarayonlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida Vengriya bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.

Ta’lim, fan va madaniyat

O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi aloqalar nafaqat siyosatchilar va diplomatlar doirasida, balki xalqlar o‘rtasida ham rivojlanmoqda. 2018 yildan buyon har yili 170 nafargacha o‘zbekistonlik yoshlarga Vengriya universitetlarida o‘qish uchun davlat stipendiyalari ajratib kelinmoqda. Ilmiy hamkorlik, startap loyihalar, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilishi va o‘zbek kinosi kunlari – bular barchasi madaniy muloqotning yorqin misollaridir.

Hamkorlikning yangi bosqichi

Prezident Mirziyoyevning navbatdagi rasmiy tashrifi hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi. Endi asosiy masala mavjud imkoniyatlarni amaliy loyihalarga aylantirishga qaratiladi.

Transport va logistika, oziq-ovqat xavfsizligi, qayta tiklanadigan energetika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish – bu yo‘nalishlar ikki mamlakat hamkorligining asosiy kun tartibiga aylanmoqda.

O‘zbekiston-Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar bugun tarixiy ildizlar, geosiyosiy manfaatlar va yangi global muhitdagi pragmatik yondashuv asosida shakllanmoqda. Bu ikki mamlakat o‘z o‘tmishi, madaniyati va maqsadlari bilan farq qilsa-da, ularni umumiy strategik manfaatlar birlashtirmoqda. Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ko‘prik singari, Toshkent-Budapesht hamkorligi nafaqat ikki xalq manfaati, balki keng mintaqaviy barqarorlik uchun xizmat qilmoqda.

Lutfullo Tursunov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring