Sentyabrda oziq-ovqat mahsulotlari 16,6 foizga qimmatlagan – MB
Markaziy bank tomonidan «2022-yilning sentyabr oyida aholining daromadlar kesimida inflyatsiya darajasi va sezilgan inflyatsiya sharhi» taqdim etildi.
Unga ko‘ra, MB respondentlari orasida sentyabr oyida ham avgust oyi kabi go‘sht, sut, non, un, shakar va yog‘ mahsulotlari narxlari yuqori darajada oshganligini his qilganlar ko‘paygan.
Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2022-yilning sentyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 12,2 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari inflyatsiyasi esa 16,6 foizni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida, 8 ta hududda inflyatsiya ko‘rsatkichlari respublika bo‘yicha o‘rtacha umumiy inflyatsiya darajasidan baland bo‘ldi.
Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Sirdaryo, Surhondaryo va Namangan viloyatlarida oziq-ovqat narxlari o‘sishi sur’atlari qolgan hududlarga nisbatan yuqoriroq ekanligini ko‘rish mumkin.
Xususan, aprel oyidan boshlab ichki narxlar o‘sishining tezlashgani aholining, ayniqsa, kam daromadli guruhlarning sezilgan inflyatsiyasi yuqori shakllanishiga sabab bo‘ldi.
Bunda, iyun oyida daromadlari 2 mln. so‘mgacha bo‘lgan uy-xo‘jaliklari inflyatsiyasining umumiy inflyatsiyadan tafovuti 2,4 foiz bandgacha oshgan bo‘lsa, sentyabr oyi yakunlari bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 2 foiz bandgacha pasaydi.
Yuqorida qayd etilganidek, aprel oyidan boshlab ichki narxlarning sezilarli darajada qimmatlashib borgani ijtimoiy tovarlar (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, tuxum, kartoshka, piyoz, sabzi, olma, guruch, birinchi navli bug‘doy uni, obinon, o‘simlik yog‘lari va shakar kabilar) narxlarining o‘sish suratlarida ham namoyon bo‘lmoqda.
Bunga asosan, o‘tgan davrda ushbu guruh tovarlari tarkibidagi un mahsulotlari (birinchi navli bug‘doy uni va obinon), shakar, tuxum, kungaboqar yog‘i hamda guruch narxlarining keskin qimmatlashishi oshiruvchi ta’sir ko‘rsatgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter