Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat raisi marhumlar nomidan chiqarilayotgan maktab darsliklarini tanqid qildi

Senat raisi marhumlar nomidan chiqarilayotgan maktab darsliklarini tanqid qildi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida bo‘lib o‘tmoqda.

Unda ma’ruza qilgan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev maktab ta’limi tizimidagi kamchiliklarga to‘xtalib o‘tgan. Bu haqda «O‘zA yozmoqda. 

Tahlillar maktablarning moddiy-texnik bazasi, soha xodimlari uchun shart-sharoitlar kundan-kunga yaxshilanib borayotgan bir sharoitda ta’lim sifati va natijadorlik kutilganidek emasligini ko‘rsatgan.

«Buning asosiy sabablaridan biri – maktab darsliklarini ta’lim standartlari va dasturlar asosida tayyorlash, chop etish va tarqatishda yo‘l qo‘yilayotgan jiddiy kamchiliklar, xatolar va boshqa mavhumliklarda, deb bilamiz», deb qayd etgan Senat raisi.

So‘nggi uch yilda Davlat budjeti va maqsadli kitob jamg‘armasining qariyb 307 milliard so‘m mablag‘i evaziga 98 million nusxadan ortiq darsliklar chop etilgan.

Ammo ularni yaratishga oid mukammal huquqiy asoslar shu paytga qadar to‘liq shakllanmagan. Oqibatda ilk bosqichdayoq darsliklar o‘quv dasturlariga muvofiq tayyorlanmagan.

Ma’ruzachi ta’kidlaganidek, «Vafot etgan mualliflarning darsliklarini qayta nashr qilish tartibi ham aniq belgilanmagan. Oqibatda darsliklar qator o‘zgartirishlar bilan marhumlar nomidan chop etilmoqda».

Masalan, 7-sinf «O‘zbekiston tarixi» darsligining muallifi A.Muhammadjonov 2016 yilda vafot etgan. Biroq, uning darsligidagi barcha mavzular qayta ishlangan, 6 mavzu yangidan yozilgan va darslik 2017 yilda marhum muallif nomidan qayta nashr etilgan.

Darsliklarning tender savdolari orqali g‘olib bo‘lgan turli nashriyotlarda nashr etilishi o‘quv materialining uzviyligi, uyg‘unligi va izchilligini, shuningdek, predmetlar aro aloqaning bog‘liqligini ta’minlashga to‘siq bo‘lmoqda.

Darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar, mavhumliklar va nomuvofiqliklar ko‘payib ketganligi o‘qituvchi va o‘quvchilarni chalg‘itmoqda, aksariyat hollarda, darsliklar nazariyotchi olimlar tomonidan amaliyotdan yiroq holda yaratilmoqda. Ushbu jarayonga tajribali maktab o‘qituvchilari yetarli darajada jalb etilmayapti.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring