Fuqarolarning jamoat tartibi to‘g‘risidagi qonun Senat tomonidan rad etildi
Oliy Majlis Senati «Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.
Qonunning aksariyat normalari real hayotiy munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solmasligi, ularning asosiy qismi to‘liq ifodalanmaganligi, belgilangan tadbirlarning amalga oshirish mexanizmlari mavjud emasligi alohida qayd etildi.
Xususan, Qonunning 7-moddasida fuqarolar jamoat tartibini saqlashda ishtirok etganda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar bilan hamkorlik qilishi belgilangan bo‘lsa-da, Qonunda ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari aks ettirilmagan.
Shu bilan birga, jamoat tartibini saqlashda ishtirok etuvchi shaxslarning reyestri va uni yurituvchi organlar faoliyati bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilmagan hamda Qonunning 8-moddasida jamoat tartibini saqlashda fuqarolarning ishtirok etishi bilan bog‘liq cheklovlar to‘liq aks ettirilmagan.
Shuningdek, Qonunda fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga ko‘maklashish maqsadida jamoat tuzilmalari tuzish va ularning faoliyatida qatnashish, jamoat tartibini saqlashda yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib ishtirok etish bilan bog‘liq shakllar bayon etilmagan.
Senatorlar Qonunning ayrim moddalarida fuqarolarning bevosita huquqlariga oid masalalarni ochib bermasdan, davlat organlari yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilab o‘tilganligi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi lozim bo‘lgan qonun normalarining qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi yoki qonunda aks ettirilmasligi tor doiradagi idora manfaatlarini va qisqa muddatli maqsadlarni ko‘zlashi mumkinligi qayd etildi.
Bundan tashqari, aksariyat hollarda ijtimoiy munosabatlar qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi qonunlarning maqomi kuchsizlanishiga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarning yo‘qligiga, masalalarni kompleks yondashmay tarqoq holda hal etishga olib keladi.
Qonun normalarini to‘liq ochib bermaslik va amalga oshirish mexanizmlarini aks ettirmaslik huquqiy ziddiyatlar hamda suiste’molchiliklarni keltirib chiqarishi, byurokratik tartib-taomillarni kuchaytirishi, qonunlarni chetlab o‘tishga qaratilgan ko‘plab qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu jihatdan senatorlar tomonidan Qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter