Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sayyor qabul: peshko‘liklarni nima muammo qiynamoqda?

Sayyor qabul: peshko‘liklarni nima muammo qiynamoqda?

Foto:«Xabar.uz»

1978-yilda qurib, foydalanishga topshirilgan Peshko‘ tumanidagi 186 o‘rinli 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 2015-yilda qayta rekonstruksiya qilinib, bunda o‘quvchilar soni oshgan bo‘lsa-da, haligacha sport zali yo‘q, oshxona masalasi muammo. Bu haqda Peshko‘ tumanida to‘rtlik sektorlari rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabul davomida Buxoro viloyati hokimiga Qumqo‘rg‘on qorovul qishlog‘i fuqarosi Jo‘ramurod Xudoyqulov ma’lum qildi.

Peshko‘dagi «Qumqo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘ini aholisini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan va paysalga solib kelinayotgan ushbu masalani bartaraf etish, shuningdek, belgilangan tartibda maktabda sportzal va oshxona tashkil etish bo‘yicha shu kunning o‘zidayoq chora-tadbir belgilandi.

—Ayni paytda umumiy o‘rta ta’lim maktabimizda 216 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Sportga qiziquvchi yoshlar juda ko‘p. Ammo sport zalining yo‘qligi bois, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini sovuq kunlarda maktabning ochiq sport maydonida o‘tkazish qiyinchilik tug‘dirib kelgan. Sayyor qabul tufayli bu og‘riqli masala joriy yilning o‘zida hal etiladigan  bo‘ldi,—dedi tumandagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Erkin Tursunov.

Hududida 1 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasi hamda boshqa qator korxona, tashkilot hamda  maishiy xizmat shahobchalari mavjud tumandagi «Bobohoji» mahalla fuqarolar yig‘ini, Bog‘imirishkor qishlog‘ida esa 1156 ta xo‘jalik mavjud bo‘lib, 5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. O‘tkazilgan sayyor qabul davomida fuqaro Amin  Fayzullayevning murojaat etishicha, mahalla aholisi hududni bog‘lab turuvchi 4 kilometr masofali yo‘lga o‘z hisobidan shag‘al yotqizgan.

—Biz mahalla aholisi bir tanu bir jonmiz. Faqatgina mana shu shag‘al to‘ldirilgan qatnov yo‘llarda asfalt yotqizilib, aholimizni uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan ushbu masala bartaraf etilsa,—dedi A. Fayzullayev o‘z murojaatida.

Sayyor qabul davomida aholi tomonidan yo‘llarni ta’mirlash, toza ichimlik suvi masalasi, qishloq joylarida maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, bandlik, kommunal, moddiy yordam, uy-joy masalalari bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar o‘z yechimini topgan. Barcha masalalar birma-bir tinglanib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullar biriktirilgan.

Peshko‘ tuman hokimi o‘rinbosari Azamat Rajabovning aytishicha, sayyor qabul jarayonida qayd etilgan murojaatlarning 91 tasi o‘z joyida hal qilingan. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan muammolar ham qisqa fursatda o‘z yechimini topishi ta’kidlangan.

Keyingi sayyor qabullar 4-aprel kuni Qorako‘lda,  11-aprel kuni esa kuni esa Romitan tumanida ommaviy sayyor qabullar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.

Laylo Hayitova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring