Saudiya uch qit’ani bog‘lovchi aviashirkat tashkil etmoqchi
12 mart kuni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon «Riyadh Air» kompaniyasi ta’sis etilishini ma’lum qildi. Davlat sarmoya jamg‘armasiga tegishli aviashirkat mamlakat YaIMga 20 milliard dollar qo‘shimcha daromad keltirishi va qariyb 200 ming yangi ish o‘rni yaratishi kutilmoqda.
«Yangi milliy aviatashuvchi Saudiya Arabistonining strategik jug‘rofiy joylashuvi – Osiyo, Afrika va Yevropa qit’alari o‘rtasida ko‘prik ekanidan foydalangan holda, poytaxt Riyoz shahrini dunyo darvozasi, transport, savdo va turizm bo‘yicha global markazga aylantiradi», – deyiladi Saudiya davlat axborot agentligi xabarida.
«Riyadh Air» shirkati faoliyatiga Davlat sarmoya jamg‘armasi boshqaruvchisi Yosir Al-Rumayyan umumiy rahbarlik qiladi. Aviatsiya, transport va naqliyot tizimida 40 yillik tajribaga ega Toni Duglas esa kompaniya bosh direktori etib tayinlangan.
Ilg‘or xalqaro standartlarga javob berishi belgilangan «Riyadh Air» 2030 yilga borib 100 dan ziyod manzillarni bog‘laydi.
O‘tgan yil noyabr oyida Saudiya poytaxti Riyoz shahrida yangi aeroport qurilishi rejasi e’lon qilingan edi. Hozirgi havo bandargohi 35 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. Yangi aeroport esa 2030 yilga borib 120 million sayyohni qabul qilishi rejalashtirilgan.
Podshohlik «Nigoh–2030» strategiyasiga muvofiq iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, energetikadan boshqa yo‘nalishlarni taraqqiy ettirishga e’tibor qaratmoqda. Saudiya rasmiylariga ko‘ra, yangi aviashirkat va aeroport «Nigoh–2030»da belgilangan global raqobatbardoshlik maqsadlariga mos keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter