Saudiya Arabistoni turistik maskanlarda alkogolli ichimliklarga ruxsat berishi mumkin

Saudiya Arabistoni hukumati 2026-yildan boshlab mamlakatdagi 600 ta turistik maskanda alkogolli ichimliklarni sotishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda. Bu qaror mamlakatning 2030 yildagi Ekspo va 2034-yildagi FIFA Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida qabul qilingan bo‘lib, turizmni rivojlantirish va xalqaro sayyohlarni jalb qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ruxsat etilgan ichimliklar pivo, vino va sidr kabi 20% gacha alkogol tarkibiga ega mahsulotlar bilan cheklanadi. Spirtli ichimliklar, ommaviy reklama va uyda saqlash hamon taqiqlangan bo‘lib qoladi. Alkogol faqat maxsus litsenziyaga ega besh yulduzli mehmonxonalar, lyuks kurortlar va sayyohlar uchun mo‘ljallangan hududlarda sotiladi. Makka va Madina kabi muqaddas shaharlarda alkogol sotilishi qat’iyan taqiqlanadi.
Bu o‘zgarishlar Saudiya Arabistonining «Vision 2030» dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur mamlakat iqtisodiyotini neftga bog‘liqlikdan xalos etish va turizmni rivojlantirishni maqsad qilgan. Alkogol sotilishi qat’iy nazorat ostida bo‘lib, litsenziyalangan muassasalarda maxsus o‘qitilgan xodimlar tomonidan amalga oshiriladi. Qoidalarni buzgan muassasalarga nisbatan huquqiy choralar ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, 2024-yil yanvar oyida Saudiya Arabistonining Riyod shahridagi Diplomatik kvartalida faqatgina musulmon bo‘lmagan xorijiy diplomatlar uchun mo‘ljallangan alkogol do‘koni ochilgan edi. Bu do‘konga kirish uchun maxsus mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tish va tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiq olish talab etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter