Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Falastin muammosi yechimini aytdi
Mustaqil Falastin davlatini tashkil qilmay, Falastin–Isroil ziddiyatini bartaraf etib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal ibn Farhan.
Nyu-Yorkda o‘tayotgan BMT Bosh assambleyasi majlislari doirasida «Al-Arabiya» telekanaliga intervyu bergan diplomat ikki davlat tamoyili kun tartibini qaytishi lozimligini urg‘ulagan.
«Falastin muammosini hal etish ikki davlat tamoyili hamda xalqaro hujjatlarga muvofiq Falastin davlatini ta’sis etishga asoslanishi kerak. Biz ikki davlat yechimini asosiy kun tartibiga qaytarishga harakat qilmoqdamiz», – degan Faysal ibn Farhan.
Vazir Isroil ishg‘oli ostidagi hududlarda beqarorlik davom etayotganiga ham e’tibor qaratgan.
18 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri raisligida Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayonlari masalasida vazirlar uchrashuvi tashkil qilingan.
Arab tinchlik tashabbusi muhokama qilingan mashvaratda 70 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, Arab davlatlari ligasi raisi, Iordaniya, Misr va YeI bosh diplomatlari qatnashgan.
Saudiya Arabistoni Falastin muammosini adolatli hal etish, xususan, okkupatsiyaga chek qo‘yish lozimligini ta’kidlab keladi.
Joriy yil Ramazon oyida Isroil xavfsizlik kuchlari Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirib, namoz o‘qiyotgan falastinliklarga hujum qilgani keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Saudiya TIV Al-Aqsoga hujumni muqaddasotlarni hurmat qilishga doir xalqaro huquq me’yorlarining poymol etilishi deb atagan.
Fevral oyida Caudiya hukumati Isroil hamda Falastin o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qayta boshlash lozimligini ta’kidlagani holda, xalqaro hamjamiyatni Isroilning hujumlarini to‘xtatish, okkupatsiyaga barham berish va falastinliklarni himoya qilishda faollik ko‘rsatishga da’vat qilgan.
Podshohlik Isroil kuchlari tomonidan Jenin shahrida uyushtirilgan reydlarni ham kyeskin qoralagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter