Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya Arabistoni innovatsiya bo‘yicha katta reja e’lon qildi

Saudiya Arabistoni innovatsiya bo‘yicha katta reja e’lon qildi

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar sohasida kelgusi 20 yilga mo‘ljallangan milliy rejalarni ma’lum qildi. Bu haqda Saudiya axborot agentligi (SPA) xabar berdi.

Milliy strategiya sog‘liqni saqlash, ekologik barqarorlik, energetika sohasida yetakchilik va kelajak iqtisodiyoti kabi to‘rt yo‘nalishni qamrab oladi. Saudiya valiahd shahzodasiga ko‘ra, 2040 yilda innovatsiyalarga YaIMning 2,5 foizi miqdorida mablag‘ ajratiladi va podshohlik bu borada dunyodagi peshqadam davlatlardan biriga aylanadi.

Milliy maqsad-mo‘ljallar doirasida belgilangan to‘rt yo‘nalishda birinchi galda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiya yutuqlariga tayanish ko‘zda tutilgan. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida yangilik va ixtirolar orqali turli xastaliklarni davolash va aholining o‘rtacha umr ko‘rsatkichini oshirish maqsad qilingan. Barqaror ekologiya yo‘nalishida suv taqchilligini bartaraf etish va yashil hududlarni ko‘paytirish asosiy vazifa sifatida belgilangan. Uchinchi yo‘nalishda podshohlikning an’anaviy energetika sohasidagi yetakchiligini saqlab qolish, ayni choqda, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Kelajak iqtisodiyoti yo‘nalishi esa ilm-fan yutuqlariga tayangan holda NEOM kabi futuristik shaharlarni barpo etish belgilangan.

Saudiya Arabistoni shimoli-g‘arbida barpo etilayotgan NEOM – kelajak shahrida robototexnikadan keng foydalanilishi ko‘zda tutilgan. 500 milliard dollarli loyihaga ko‘ra, shahar-davlatda  quyosh, shamol kabi muqobil energiya manbalaridan istifoda etiladi. NEOM shahridagi o‘n minglab robotlar murakkab-mushkul vazifalarda insoniyat og‘irini yengil qiladi. Robotlar xavfsizlik, naqliyot kabi strategik sohalardan tortib, qariya va nogironlarga g‘amxo‘rlik qilish kabi maishiy yo‘nalishlarga qadar odamlar koriga yaraydi. Sirasini aytganda, yangi shahar texnologik, intellektual va turistik markaz – sahro bag‘ridagi mo‘’jiza bo‘lishi kutilmoqda.

Avval xabar berganimizdek, NEOM loyihasi doirasida Saudiyada TROJENA deb atalgan turistik shaharcha qurilishi e’lon qilindi.

Bu, issiq iqlimli mintaqadagi ilk yirik tog‘-chang‘i dam olish hududi bo‘lishi kutilmoqda. Qizil dengizning moviy sohili, purviqor tog‘lar va tillorang sahro – tabiat uyg‘unligidagi yangi maskan 2026 yilda bitkazilishi rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring