Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Babayanning kirdikorlari fosh bo‘ldi. U futboldan butunlay chetlatildi

Babayanning kirdikorlari fosh bo‘ldi. U futboldan butunlay chetlatildi

Foto: www.the-uff.com

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan O‘FF Ijroiya Qo‘mitasi Byurosining 2018-yil 15-yanvardagi 3-sonli qaroriga muvofiq futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan umrbod chetlashtirildi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar bermoqda.

Samvel Babayan «Paxtakor» futbol klubida faoliyat borgan vaqtida futbolchilarning shartnomasi bilan bog‘liq hujjatlarga noqonuniy o‘zgartirishlar kiritgani aniqlandi. U jamoa tepasiga yangi rahbariyat kelayotganidan xabar topgach, klub bilan bitimi 2018-yil so‘ngiga qadar bo‘lgan futbolchilar shartnomasini 2017-yil qilib o‘zgartirgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — yil so‘ngida erkin agentga aylanadigan futbolchilarni xorijiy klublarga sotib, moddiy manfaat ko‘rish bo‘lgan.

Aynan mana shu manfaat ta’sirida u mamlakatning bosh jamoasini ham ko‘ngildagidek boshqara olmadi hamda futbolchilarga bo‘lgan noxolis munosabati sabab, terma atmosferasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Samvel Babayan termaga nomzodlarni saralab olishda asosan o‘ziga ma’lum futbolchilar bilangina ishlagan hamda barcha klublarga teng munosabatda bo‘lmagan. Shuningdek, tajribali murabbiy hamda mutaxassislarning fikr va tavsiyalarini inobatga olmagan.

O‘FF Iroqo‘mi Samvel Babayanning 2018-yilgi Jahon Chempionatining saralash o‘yinlari davomida tartib-intizomni yo‘lga qo‘ymagani, futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilmagani va ularni o‘z holiga tashlab qo‘ygani, ishiga mas’uliyatsizlarcha yondoshib, o‘zbek futbolining yuzi bo‘lgan milliy jamoa darajasini tushirib yuborganini ham inobatga olib, uning bu kabi noxolis faoliyati millionlar o‘yini bo‘lgan futbolga nisbatan xalqning noroziligiga sabab bo‘ldi, deb hisoblaydi.

Ma’lum bir futbolchilarni xorij klublariga sotish va moddiy manfaat ko‘rish maqsadida, garchi ularning saviyasi talabga javob bermasa ham, doimiy ravishda muhim o‘yinlarda milliy terma jamoaning asosiy tarkibida maydonga tushirishni oqlash qiyin. Ayniqsa bu kabi ishlar bosh jamoa natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatsa.

Bundan buyon O‘zbekiston futbolidagi har bir murabbiy o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda mas’uliyatni chuqur anglagan holda, faoliyat yuritadigan jamoalarida tartib-intizomni yo‘lga qo‘yib, futbolchilarning holatini nazorat qilib borishi va natija uchun javobgarlikni his etishi talab qilinadi.

Futbol sohasidagi har bir murabbiy va mutaxassis faoliyati O‘FF tomonidan asosli tarzda o‘rganib chiqiladi va tegishli choralar ko‘rib boriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring