Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqand viloyat IIB YHXB noqonuniy undirilgan jarimaga qo‘shib, haydovchiga tovon ham to‘laydigan bo‘ldi

Samarqand viloyat IIB YHXB noqonuniy undirilgan jarimaga qo‘shib, haydovchiga tovon ham to‘laydigan bo‘ldi

Foto:«Xabar.uz»

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati havfsizligi boshqarmasidan haydovchiga tovon undirish belgilandi. Bu haqda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi B. Xudoyberganov ma’lum qildi.

Gap shundaki, 2018-yil 17-may kuni Anvar (ism o‘zgartirilgan) boshqarib kelayotgan «Damas» rusumli avtomashinani Oqdaryo tumani Loyish shaharchasiga kirishda viloyat IIB yo‘l harakati boshqarmasi xodimi to‘xtatadi.

U haydovchiga «Yo‘l harakati qoidasi»ning 194- va 56-bandlarida ko‘rsatilgan talablarni buzib, sidirg‘a chizig‘i ustida harakatlangani uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiradi. Oqdaryo tumani IIB YHXB unga nisbatan MJtK 128-moddasiga asosan 86 ming 120 so‘m ma’muriy jarima solish to‘g‘risida qaror chiqaradi.

Avval-boshdanoq Anvar tuzilgan ma’muriy bayonnoma yuzasidan o‘z huquqlarini talab qilgan. U tegishli ma’muriy bayonnomaga e’tirozlarini yozmoqchi bo‘lgan, biroq unga bunday imkoniyat berilmagan.

Anvar jarima to‘lashga majbur bo‘lgach, holatdan norozi bo‘lib, Oqdaryo tumani ma’muriy sudiga shikoyat ariza bilan murojaat qiladi.

Sudning hal qiluv qarori bilan yuqorida keltirilgan jarima tayinlash haqidagi qarori bekor qilinadi.

Shundan so‘ng Anvar jarima qaytarilmaganligi, IIB YHXB rahbariyati va boshqarma xodimining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida u haqiqat izlab idorama-idora yugurishga majbur bo‘lganligi, fuqarolik haq-huquqlarini oyoq osti qilishlari oqibatida juda katta ma’naviy zarar yetganligi uchun fuqarolik sudiga da’vo ariza qo‘zg‘atib, moddiy va ma’naviy zararni undirishni so‘raydi.

Sud Anvarga g‘ayriqonuniy ma’muriy jazo tayinlanib, asossiz ravishda jarimaga tortilganligi oqibatida u ma’naviy qayg‘urish va noqulaylikni boshidan kechirganligini, jarimani to‘lab moddiy zarar ko‘rganligini inobatga olib, Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati havfsizligi boshqarmasidan da’vogar  foydasiga 86 ming 120 so‘m moddiy zarar, 1 million 500 ming so‘m ma’naviy zararni undirishni belgiladi.

Shuningdek, 608 ming 190 so‘m dastlab to‘langan davlat boji, 16 ming 190 so‘m pochta xarajati ham IIB YHXBdan undiriladigan bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring