Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Salmoqli uch yil: oyoqqa turishdan to keng quloch yoyishgacha... (foto, video)

Kecha, 24-iyul kuni IT-Park 3 yoshini nishonladi. Va bu yaxshi an’anaga aylanib qoldi. «Aytipark»chilar tug‘ilgan kunlarida hisobot berishni yaxshi ko‘rishadi: bir yil davomida qanday natijaga erishildi, fakt va raqamlarni to‘kib tashlashadi, shu kuni. Va eng muhimi, keyingi va undan keyingi yillarda nima qilishmoqchi ekanliklarini ham e’lon qilishadi. Bu ham o‘ziga xos dadillik, sababi ayrim taniqli kompaniyalar ham rejalarini unchalik o‘rtoqlashishni istashmaydi.

Bu gal «IT-Rark Rewind 2022» deb nomlangan xalqaro tadbirga judayam ko‘p mehmonlar keldi: AKT vazirligi va tizimdagi korxonalar rahbarlari, Birlashgan Arab Amirliklari vakillari, biznes hamkorlar, rezidentlar va «aytishnik» yoshlar.

Judayam ko‘p kuzatganman: «aytishnik»lar davrasida o‘zgacha atmosfera hukmron bo‘ladi, qo‘llarida noutbuk, uch-to‘rt nafar bo‘lib, jonli muloqot qilib o‘tirishadi. Ular erkin muloqotni yaxshi ko‘rishadi, chetdan qaragan odamda havas uyg‘onadi. Nazarimda, ular faoliyatlari taqozosiga ko‘ra, ko‘proq onlayn muloqotda bo‘lishadi va shunday tadbirlar bahonasida jonli suhbatlarning qadriga yetishadi. 

Asosiy tadbirga taniqli bloger Otabek Mahkamov boshlovchilik qildi. U «Astrum» IT-akademiyasining eng katta zaliga yig‘ilganlarni zeriktirmaslik uchun ora-sirada o‘ziga xos uslubda hazilnamo gaplari bilan kulgi ulashib turdi.

Dastlabki tabrik uchun so‘z AKT vaziri Sherzod Shermatovga berildi.

– Besh-olti yil oldin ko‘pchilik O‘zbekistonda «ayti» bo‘lishi mumkinmi, deb hayratlanardi, – dedi Sherzod Shermatov tabrik so‘zida. – Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda «ayti» rivojiga katta e’tibor qaratildi. Hozir O‘zbekistonda bu sohada yaratilgan sharoit va imtiyozlar yaqin davlatlarda yo‘q. O‘tgan uch yil davomida IT-Park rezidentlari soni 700 dan oshdi. Yoki eksportyorlari joriy yilning olti oy ichida o‘tgan vaqtning shu davriga nisbatan ikki barobarga ko‘paydi. Qisqa fursatlarda har bir tumanda ushbu yo‘nalishlarda ta’lim olish imkoniyatlari yaratildi. Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida gapiradigan bo‘lsak, birgina Birlashgan Arab Amirliklari bilan juda katta loyihalar amalga oshirilyapti. Oddiy misol, «Bir million dasturchi» va mGovAward loyihalarida juda ko‘p yoshlarimiz qatnashdi. Prezidentimiz topshirig‘i bilan AQShga borgan edik. U yerda «Plug&Play» kompaniyasi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazdik. Yaqinda ushbu kompaniyaning yurtimizda bo‘limi ochildi. Endi bizni startapchilarimiz uchun xalqaro darajadagi akselerator va venchur kapital firmalar bilan aloqa qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. IT-Park jamoasini tabriklayman, birgalikda doim oldinga harakat qilishimiz kerak, shunda qo‘yilgan maqsadlarga erishamiz.

Darhaqiqat, AKT vaziri alohida ta’kidlaganidek, Prezident IT-Park faoliyatiga jiddiy e’tibor qaratgan. IT-Park tashkil etilganidan buyon uning ofisiga 3 marta, hududlardigi ofislariga ham bir necha marotaba tashrif buyurdi. Mintaqalarda IT-Parkning filiallari uchun muhtasham binolar qad rostlamoqda.

Shundan so‘ng IT-Park rahbari Farhod Ibragimov kompaniyaning uch yillik faoliyatiga batafsil to‘xtaldi, kelajak rejalari xususida so‘z yuritdi.

Keling, shu yerda fakt va raqamlarga ko‘z tashlaylik. O‘tgan uch yilda IT-Park nimalar qildi va qanday natijalarga erishdi:

  • 2022 yilning birinchi yarmida rezidentlar tomonidan amalga oshirilgan eksport hajmi 48 mln. dollarni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 barobarga oshgan;
  • kompaniya rezidentlari soni – 744 tani tashkil qiladi, ularning 107 tasi xalqaro  IT-kompaniyalardir;
  • IT-Park jami 760 startapni qo‘llab-quvvatladi;
  • 2021 yilda BPO yo‘nalishida  – $28,5 mln. dollarlik eksport amalga oshirildi;
  • kompaniya rezidentlarida faoliyat ko‘rsatayotgan IT-mutaxassislar soni – 15 000 nafardan ko‘p;
  • IT-Parkning 205 ta IT-markazlarida 10 ta yo‘nalishda 80 mingdan ko‘p o‘quvchi ta’lim oldi;
  • Park tomonidan tashkil etilgan 700 dan ziyod turli tanlov, xakaton va tadbirlarda 50 mingdan ko‘p yoshlar ishtirok etdi (mGovAward, IT Park Cup, Students Cup, Open Data Challenge etc.);
  • biznes-inkubator va akseleratorlar (Tumaris Tech, AloqaTech Lab, Ucell Accelerator, GameDev Goethe Incubator etc.);
  • O‘zbekiston bo‘ylab OTMlarda jami 34 ta inkubatsion markazlar ochildi;
  • 9 000 dan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi;
  • IT-Parkning birinchi xorijdagi vakolatxonasi AQShning  Delaver shtatida 2020 yilning 18 avgustida ochilgan. Bunday vakolatxona Latviyada ham faoliyat ko‘rsatmoqda, joriy yilning avgustida Germaniyada ham ochiladi; 
  • Toshkentda  6 gektar maydonda 17 ta ko‘p qavatli imoratlardan iborat IT-majmua bunyod etilmoqda;
  • IT-Parkda 600 ga yaqin mutaxassislar mehnat qilishmoqda;
  • IT-Park 2022 yilda TashRush va IT-Visa dasturlarini ishga tushirdi. Natijada xorijiy IT-mutaxassislar soni – 6000 nafardan ziyodni tashkil qildi;
  • 2022 yilda  IT-Park EPAM kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda birinchi onlayn IT Park University tashkil qilindi.

 – IT-Park bu yutuqlari bilan to‘xtab qolmoqchi emas, – dedi Farhod Ibragimov taqdimot davomida. – Eng katta muvaffaqiyatli loyihalarimiz va yutuqlarimiz hali oldinda. 

Tadbirda shuningdek, «Plug&Play Germany» boshqaruvchi direktori Sasha Karimpur va «Plug&Play Germany» kompaniyasining biznesni rivojlantirish va korporativ hamkorlik bo‘yicha menejeri Feliks Lammers ham so‘zga chiqishdi.

Shundan so‘ng mGovAward loyihasi g‘oliblari taqdirlandi. G‘oliblarga mukofotlarni BAA davlat xizmatlari sektori rahbari Muhammad Bin Talia va AKT vaziri Sherzod Shermatovlar topshirishdi.

O‘z navbatida, IT-Park ham besh nafar biznes-hamkori va rezidentlarini maxsus mukofotlar bilan taqdirladi.

Asosiy tadbirdan so‘ng «AQSh va Yevropa davlatlariga eksport», «O‘zbekiston Respublikasida venchur investitsiyalarining muhimligi va huquqiy aspektlari» va «Inson kapitaliga hissa qo‘shish kompaniya rivoji uchun kiritilgan investitsiya sifatida» mavzularida panel muhokamlari bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, «AQSh va Yevropa davlatlariga eksport» muhokamasida  Hindistondan NASSCOM kompaniyasi vitse-prezidenti K.S.Visvanathan onlayn qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Tadbir turli xil musobaqalarga boy bo‘ldi, xususan, startap-battl, intellektual bellashuv, shaxmat, stol tennisi va futbol bo‘yicha bahslar o‘tkazildi. Bir so‘z bilan aytganda, turli mavzularni qamrab olgan tadbir respublikamiz «aytishnik»lari uchun katta bayramga aylandi.

Abdug‘ani Abdurahmonov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring