Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon Armanistondan yana sakkizta aholi punktini qaytarishni talab qilmoqda

Ozarbayjon Armanistondan yana sakkizta aholi punktini qaytarishni talab qilmoqda

Boku Yerevandan sakkiz aholi punktini qaytarishni talab qildi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Armanistonga chegara hududidagi bosib olingan hududlar qaytarilishi so‘ralgan talabnoma yuborgan.

“Armaniston tinchlik jarayoniga, fuqarolarimiz hayotiga, shuningdek, mintaqadagi qayta tiklash va qayta qurish ishlariga tahdidlarni davom ettirish yo‘lini tanladi”, — deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida. Vazirlik Yerevanning harbiy-siyosiy provokatsiyalarni davom ettirayotganini ta’kidlagan.

Armaniston tomonidan egallab olingan sakkizta aholi punkti masalasi yoz boshida ko‘tarilgan edi. Ozarbayjon hukumati gap qaysi qishloqlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan, biroq prezident Ilhom Aliyev o‘z chiqishlarida Armanistonning Tavush viloyatidagi yetti qishloq va Naxichevan bilan chegaradosh Ararat viloyatidagi bitta qishloqni tilga olgan.

“Armaniston nafaqat mintaqada tinchlik va xavfsizlikka asosiy tahdid bo‘lib qolayotgan qurolli kuchlarini Ozarbayjonga tegishli hududlardan olib chiqib ketmadi, balki ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Yerevan Ozarbayjon hududida qurol-yarog‘, harbiy texnika va minalarni noqonuniy yetkazib berishdan tiyilmayapti”, – deyiladi rasmiy Bokuning talabnomasida.

Oktyabr oyida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Bokuning bosib olingan sakkiz qishloq haqidagi iddaolariga javob berib, bir paytlar Armanistonga tegishli bo‘lgan bir hudud 1990-yillarda Ozarbayjon tomonidan ishg‘ol qilingan deb hisoblanishini eslatgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring