“Sakariya koni Turkiyaning energetik qaramligini kamaytiradi” – Ahmed Tyurksoy

Qora dengiz mintaqasida tasarruf etilayotgan Sakariya gaz koni Turkiyaning energetika sohasidagi mustaqilligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi, deydi Turkish Petroleum (TPAO) shirkati bosh direktori o‘rinbosari Ahmet Tyurksoy.
«Xabar.uz» muxbirining xabar berishicha, Turkish Petroleum vakili 28 aprel kuni Istanbulda o‘tkazilgan Turkiy dunyo sharhlovchilari simpoziumi doirasida mintaqa energetika bozorida burilish yasagan loyihalar haqida gapirdi.
«Qora dengizdagi Sakariya gaz koni Turkiyaning energetik jabhadagi pozitsiyasini mustahkamlaydi. 2020 yil avgustda ochilgan kondan rekord muddatda gaz qazib olina boshladi. Kondan birinchi bosqichda sutkasiga 10 million kubometr, ikkinchi bosqichda esa 40 million kubometr hajmida gaz qazib olinadi. Joriy yildayoq import hajmi pasayishi kutilmoqda», – deydi Ahmet Tyurksoy.
Sakariya gaz koni Qora dengiz hududida, sohildan 175 km masofada topilgan. Kon ochilganidan gaz qazib olishga qadar bo‘lgan muddat atigi ikki yarim yilni tashkil etdi.
Joriy yil may oyi birinchi yarmida ushbu kondan qazib olingan tabiiy gaz xonadonlarga yetib boradi. Energetik mustaqillik yo‘lidagi dadil qadam deb atalayotgan loyiha doirasida mamlakat tabiiy gaz iste’molining 25 foizi qoplanishi kutilmoqda.
Qora dengiz mintaqasi konlari, jumladan, Sakariyaning gaz zaxirasi 710 milliard kubometr deb baholangan. Konda ayni paytda 10 ta burg‘ulash qudug‘i ishlamoqda. 2026 yilda quduqlar soni 40 taga yetadi.
Turkiya yaqin istiqbolda tabiiy gaz borasida qaramlikdan butkul qutulishni ko‘zlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter